27-sentabr kuni oltin quyma va esdalik tangalar narxi yana rekord darajaga yetdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi.
Bir gramm oltin tannarxi 1 mln 138 ming so‘mga yetdi. Besh grammlik uchun 5 mln 692 ming so‘mdan taklif qilinmoqda.
Regulyator tomonidan oltin quymalari bo‘yicha taqdim qilingan ma’lumotga ko‘ra:
- 5 gramm o‘lchovli oltin quyma narxi 5 mln 692 ming so‘m;
- 10 gramm oltin quyma narxi 11 mln 385 ming som;
- 20 gramm oltin quyma narxi 22 mln 770 ming so‘m;
- 50 gramm oltin quyma narxi 56 mln 924 ming so‘mni tashkil qiladi.
Qimmatbaho metal ketma-ket beshinchi kun va so‘nggi oyda sakkizinchi marta yangi narxlarning eng yuqori ko‘rsatkichlariga erishdi. Yil boshidan buyon uning qiymati 34,3%ga oshdi.
Oltinning global narxi ayni paytda troya unsiyasi $2670ga yaqinlashmoqda.
Xabar nashr qilinayotgan vaqtda “Trading Economics"da oltin narxi $2668,5ni tashkil qildi.
Avvalroq “Spot” O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari rekord ko‘rsatkichga — $39,15 mlrdga yetgani haqida yozgandi.
Avgust oyida xalqaro aktivlar qiymati $1,75 mlrdga yoki taxminan 4,7%ga oshgan. Hozir bu 2018-yildan statistik ma’lumotlar e’lon qilina boshlanganidan beri maksimal darajalardan biridir.