Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Akmalxon Ortiqov 26-sentabr kuni “Spot” muxbiriga bergan intervyusida “Humo” to‘lov tizimining xususiylashtirilishiga izoh berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bitim bo‘yicha konsultant “Deloitte” kompaniyasi nomzodlarning belgilangan mezonlarga, shu jumladan, sanksiyaviy risklarga muvofiqligi bo‘yicha tahlil o‘tkazgan. U 22-avgust kuni tamomlangan birinchi bosqich yakunlariga oid ma’lumotlar tez orada e’lon qilinishini qayd etdi.
Akmalxon Ortiqovning ma’lum qilishicha, Davaktiv agentligi “Humo"ni xususiylashtirishga qiziqish bildirish uchun sakkizta so‘rov, jumladan, Yevropa va Osiyo davlatlaridan arizalar kelib tushgan.
Qozog‘istonning “Kaspi” fintex guruhining arizasi haqida so‘ralganda, Ortiqov kelishuvda arizachilarni ommaga oshkor qilish talabi mavjud emasligini aytdi.
Avvalroq “Spot” bilan suhbatda bo‘lgan ekspertlar “Humo"ning minimal qiymatini $60−80 mlnga baholashgandi. Aniq narxni aniqlash uchun to‘lov tizimining joriy va prognozli moliyaviy ma’lumotlariga kirish zarur.
Davaktiv agentligi direktori mazkur baholashga qo‘shilgan holda, bu “haqiqatga ancha yaqin” ekanini ta’kidladi.
Humo tarixi
“Milliy banklararo protsessing markazi” 2018-yilda tashkil etilgan, undan keyingi yilning bahorida esa u boshqarayotgan “Humo” to‘lov tizimi ishga tushirildi. 2021-yilda “Uzcard” bilan hamkorlik qilishga kelishib, infratuzilmani integratsiyalashni boshladi.
2023-yilning yozidan buyon 6,4 mingta “Humo” bankomatlari “Uzcard” bank kartalarini o‘zaro asosda qabul qiladi. Hozirda to‘lov terminallarini integratsiyalash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda, ular allaqachon sinov bosqichiga chiqqan.
Joriy yilning may oyida MBPM prezidentning tegishli farmoniga muvofiq aksiyadorlik jamiyati sifatida qayta tashkil etildi. Kompaniya tomonidan nominal qiymati 1000 so‘m bo‘lgan 155 448 748 dona oddiy aksiyalarni chiqarildi va ular Davaktiv agentligida joylashtirildi.
Aprel oyida Shavkat Mirziyoyev joriy yilgi davlat aktivlarini xususiylashtirish dasturini tasdiqlagandi. Unda “Humo"ning davlat ulushini sotish ham ko‘zda tutilgan.