Bugungi kunda iqtisodiyotning barcha sohalarida moliyaviy oqimlarni to‘g‘ri boshqarish muvaffaqiyatli faoliyatning muhim omiliga aylanmoqda. Shu nuqtai nazardan, faktoring xizmati zamonaviy bozor sharoitida samarali moliyaviy vosita sifatida ko‘rilmoqda. Faktoring xatarlardan himoyalanishga va biznesni yangi bosqichga olib chiqishga yordam beradi.
Faktoring xizmati nima?
Faktoring — bu to‘lanmagan debitor qarzlarni kredit tashkiloti orqali oldindan mablag‘ bilan taʼminlash jarayoni. Asosan uch tomon: sotuvchi (biznes), xaridor (mijoz) va faktor (kredit tashkiloti) ishtirok etadigan tizimda kredit tashkiloti sotuvchi uchun qarzni to‘laydi, so‘ngra mijozdan qarzni undiradi. Faktoring xizmati asosan kechiktirilgan to‘lovli savdolarda qo‘llanadi va korxonalarga tezkor moliyaviy resurslardan foydalanish imkonini beradi.
Masalan, “Usta tadbirkor” kompaniyasi qurilish materiallarini ishlab chiqarish va sotish bilan shug‘ullanadi. “Quruvchilar” gipermarketlar tarmog‘iga mahsulotlarini yetkazib berish kompaniya aylanmasini ikki baravarga oshirishi mumkin, ammo “Quruvchilar"ning yetkazib beruvchiga to‘lovni ikki oylik kechikish bilan amalga oshirishi ehtimoli yuqori.
Shartnoma tuzildi, mahsulotlar jo‘natildi, lekin “Quruvchilar"dan hisobga pul kelguncha kompaniya ikki oy davomida ombor va ofis uchun ijara haqi, xodimlarga ish haqini to‘lashi va ishlab chiqarish uchun xomashyo sotib olishi kerak. Buning uchun aylanma mablag‘lar yetarli bo‘lmaydi va naqd pul bo‘shlig‘i holatini yuzaga keltiradi. Bu muammo faktoring yordamida hal qilinishi mumkin.
“Xizmatingizdamiz” faktoring kompaniyasi qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilariga kelajakdagi daromadining 95 foizini darhol o‘tkazishni taklif qiladi. Buning evaziga faktor “Usta tadbirkor” kompaniyasining “Quruvchilar"dan undiradigan qarzdorlik to‘lovini olish huquqiga ega bo‘ladi.
Faktoringning afzalliklari:
- tezkor likvidlik: korxonalar mijozlaridan pul tushishini kutmasdan, sotilgan tovar yoki xizmatlardan darhol mablag‘ oladi. Bu ular uchun doimiy naqd pul oqimini taʼminlaydi;
- moliyaviy xavflarni kamaytirish: faktor kompaniyalar xaridorning qarzini undirishni o‘z zimmasiga olgani uchun korxonalar moliyaviy xavfdan himoyalanadi. Bu, ayniqsa, to‘lov muddatlari uzoq bo‘lgan shartnomalar uchun muhim ahamiyatga ega;
- kredit cheklovlarisiz moliyalashtirish: kreditdan farqli o‘laroq, faktoring pul olish uchun garov talab qilmaydi. Mijozning debitorlik qarzi, yaʼni kelajakdagi daromadi garovga aylanadi. Bu xizmatni har qanday biznes uchun qulay qiladi.
Faktoring xizmati kichik va o‘rta bizneslar uchun likvidlik yetishmasligi muammosini hal qilishning zamonaviy va samarali usuli bo‘lib, biznes rivojida muhim rol o‘ynashi mumkin.
Reklama huquqlari asosida.