Hindistonliklar uchun O‘zbekistonda mamlakat to‘lov tizimi orqali to‘lovlarni amalga oshirish imkoni yaratilishi mumkin. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 27-sentabr kuni vazirlik rahbariyati va Hindiston Milliy to‘lov korporatsiyasi (NPCI) vakillari o‘rtasida gibrid shaklda uchrashuv o‘tkazildi.
Unda tomonlar O‘zbekistonga tashrif buyurgan hindistonlik sayyohlar uchun to‘lov usuli sifatida Yagona to‘lov interfeysini (UPI) joriy etish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
“Unified Payments Interface” (UPI) NPCI tomonidan ishlab chiqilgan Hindistondagi elektron to‘lov tizimi hisoblanadi. Bu turli bank xizmatlarini bitta ilovada birlashtirish orqali tezkor operatsiyalarni amalga oshirish imkonini beradi.
Xususan, foydalanuvchilar “UPI ID” identifikatori yordamida pul o‘tkazmalari va to‘lovlarni amalga oshirishlari mumkin. Tomonlar bildirilgan takliflarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik harakatlari rejasini ishlab chiqishga kelishishdi.
Bundan oldin, Shavkat Mirziyoyev OIIB Boshqaruvchilar kengashining 9-yig‘ilishi doirasida Hindiston moliya va korporativ ishlar vaziri Nirmala Sitharaman boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgandi.
Unda joriy yil noyabr oyida Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini tayyorgarlik asosida o‘tkazish hamda Sanoat kooperatsiyasi dasturini qabul qilish muhimligi qayd etildi.
Oxirgi besh yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi ikki barobarga oshib, 2023-yil oxirida $756 mlnni tashkil etdi. Yil boshidan o‘sish esa — 30%. 2019-yildan buyon qo‘shma korxonalar soni qariyb 2,5 barobar oshib, 317taga yetdi. Joriy yilda Hindiston kapitali ishtirokida 51ta yangi korxona ishga tushirildi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov bilan kechgan uchrashuvda tomonlar O‘zbekistonda yetishtirilayotgan 6ta qo‘shimcha turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga fitosanitariya ruxsatnomalarini olish jarayonini tezlashtirishga kelishib oldi.
Bundan tashqari, ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirishda Hindiston Eksimbankining imtiyozli kreditlari jalb qilinadi. IT, farmatsevtika, tibbiyot, yengil sanoat va ta’lim sohalaridagi Hindiston kompaniyalari bilan O‘zbekistonda hamkorlik loyihalari amalga oshirilishi mumkin.
27-sentabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan O‘zbekiston-Hindiston biznes-forumi doirasida O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev va Nirmala Sitharaman ikki tomonlama investitsiya shartnomasini imzoladi.
Bu hujjat xalqaro amaliyot doirasida har ikkala mamlakat investorlarining himoya qilinishini kafolatlaydi. Sarmoyaviy faoliyat uchun qulaylik darajasini oshirib, investorlarning ishonchini mustahkamlaydi hamda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan turli nizolarni arbitraj orqali hal qilishni nazarda tutadi.
Shuningdek, investitsiyalarni ekspropriatsiya qilinishining oldi olinib, shaffoflik, mablag‘larning o‘zaro harakati va yo‘qotishlarni qoplash mexanizmlari ta’minlanadi. Umuman, shartnoma xavfsiz va barqaror investitsiya muhitini yaratish bo‘yicha umumiy majburiyatlarni ifoda etdi.
Avvalroq Hindiston kompaniyasi O‘zbekistonning to‘rtta hududida parranda go‘shti ishlab chiqarishi xabar berilgandi. Loyiha qiymati $43 mlnni tashkil etib, buning uchun Zomin, Baxmal va G‘allaorol hamda Bulung‘ur tumanlari hududidan 200 gektar yer ajratiladi.