O‘zbekiston “Poti” erkin industrial zonasida yirik ko‘p funksiyali terminal qurishni boshladi. Bu haqda “Smart Press” nashri xabar berdi.
Loyiha 30 gektar maydonda amalga oshirilmoqda va umumiy investitsiya qiymati 50 mln lari (qariyb $18,3 mln)ga baholanmoqda.
Qurilishning birinchi bosqichi 1 ming tonna sig‘imga ega muzlatilgan mahsulotlar omborini yaratishni o‘z ichiga oladi.
Ikkinchi bosqichda umumiy yuklarning 5 ming kv.metrlik yopiq ombori qurilishi ko‘zda tutilgan. Uchinchi bosqichda quyma yuklar ombori hamda yirik gabarit va konteyner yuklari uchun terminal qurish rejalashtirilgan.
Ombor terminali keyinchalik Yevropaga eksport qilish uchun O‘zbekistondan yuklarni qabul qiladi. Bundan tashqari, Yevropa tovarlarini O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlariga tashish rejalashtirilgan.
“Poti” EIZ direktori David Ebralidzening aytishicha, o‘zbekistonlik hamkorlar bilan muzokaralar bir yil davom etgan.
“Biz tafsilotlarni uzoq vaqt muhokama qildik va hozir loyiha oldinga siljimoqda. Bu har ikki tomon uchun ham strategik muhim tashabbusdir”, — dedi u.
Poti erkin sanoat zonasi (EIZ) 2008-yilda tashkil etilgan. EIZ hududida QQS, foyda, dividendlar, mulk va import uchun “nol” soliq stavkasi qo‘llaniladi. “Poti” EIZning afzalligi uning Gruziyaning eng yirik portiga yaqin joylashganligidir.
Loyiha ilk bor o‘tgan yilning iyul oyida O‘zbekiston yengil sanoat korxonalari uyushmasi (“O‘zto‘qimachiliksanoat”) bilan hamkorlik doirasida ma’lum bo‘lgandi. Unda O‘zbekistondan AQSh, Kanada va Yaponiyaga paxta, ipak va to‘qimachilik mahsulotlarini yetkazib berish masalalari muhokama qilindi.
2022-yildan buyon O‘zbekiston ham yangi temir yo‘l yo‘nalishi bo‘yicha Yevropaga yuk yetkazib beradi. Yuk Kaspiy dengizidagi Turkmanboshi portigacha boradi, keyin u orqali Bokuga olib o‘tiladi. Undan so‘ng, uning yo‘li Ozarbayjon va Gruziya orqali Poti portigacha, so‘ngra Qora dengiz orqali Burgasga boradi. “Markaziy koridor"ning umumiy uzunligi 4 ming km.dan oshadi.
Avvalroq AQSh Markaziy Osiyodan yangi savdo yo‘lini yaratishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.