Markaziy banki tomonidan Xitoy Eksport-import bankining vakolatxonasi akkreditatsiya qilindi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Vakolatxona mamlakat moliya bozorini o‘rganish, davlat organlari va banklar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida tashkil etildi.
Xitoy bankining Toshkentda mintaqaviy ofisini ochishi yil boshida Shavkat Mirziyoyevning bank raisi Vu Fulin bilan kechgan uchrashuvida ma’lum qilingandi. Tomonlar ofis ochish hamda transport va ijtimoiy infratuzilma, sanoat va xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha loyiha rejalarini ko‘rib chiqishdi.
Undan keyin Shavkat Mirziyoyev hamda Xitoy raisi Si Szinpinning rasmiy delegatsiyalari a’zolari ishtirokidagi muzokaralarda prezident bankning mazkur qarorini yuqori baholadi.
Bundan tashqari, Eksport-import banki vakolatxonasini ochish bo‘yicha qabul qilingan qaror xitoylik hamkorlarning O‘zbekistondagi muvaffaqiyatli faoliyatiga kuchli ta’sir qilishi ta’kidlandi.
Xitoyning Eksimbanki 1994-yilda tashkil etilgan. Bank $800 mlrddan ortiq aktivlarga ega va tashqi savdo hamda xalqaro iqtisodiy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Xitoyning yetakchi moliya instituti hisoblanadi.
Avvalroq Markaziy banki raisi o‘rinbosari Bobir Abubakirov Shayxontohur tumani hokimi etib tayinlangani haqida xabar berilgandi.