Bog‘cha mudiralarini o‘qitish tizimi joriy etiladi. Bu haqda 30-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyevning ta’lim-tarbiya sohasi vakillari bilan muloqotida ma’lum qilindi.
Davlat rahbari yig‘ilishdan oldin yangicha qiyofaga ega institutda yaratilgan sharoitlar, o‘qituvchilar malakasini oshirish bo‘yicha yangi tizim taqdimoti bilan tanishganini, bundan buyon ta’lim sifatini yangi bosqichga ko‘tarish uchun ish 7ta yo‘nalishda tashkil etilishini qayd etdi.
Abdulla Avloniy nomidagi institut pedagoglarda kasb mahoratini oshirishga mas’ul bo‘ladi. Institutning 12ta hududiy markazini yangi qiyofaga keltirish va jihozlash uchun yaqin 3 yilda budjetdan har yili 50 mlrd so‘m ajratiladi.
Hokimlarga joylardagi barcha malaka oshirish markazlarini yangi qiyofaga keltirish topshirildi. Malaka oshirishda vazirlik, malaka oshirish markazi, maktab va bog‘chani bog‘laydigan vertikal tizim yo‘lga qo‘yiladi.
Bundan tashqari, joylarda 1 300ta tayanch maktab va 200ta bog‘cha tanlab olinib, ulardagi yetakchi o‘qituvchilar yosh pedagoglar uchun “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati"ni tashkil etadi. Buning uchun yetakchi o‘qituvchilarning ish haqiga 20% ustama qo‘shiladi.
Kelgusi o‘quv yilidan xalqaro standartlar asosida malaka sertifikatini berish yo‘lga qo‘yiladi. Sinovlarda 86 va undan yuqori ball olgan pedagoglar qo‘shimcha 70% ustama oladi.
Masalan, oliy toifali biologiya o‘qituvchisi o‘z fani bo‘yicha xalqaro sertifikati bo‘lsa — 50%, direktor jamg‘armasidan 40%gacha va yangi talabga javob bersa, yana 70% ustama oladi. Shu bilan uning umumiy oylik maoshi 4,5 mln so‘mdan 12 mln so‘mga yetishi qayd etildi.
Bir yil oldin maktab direktorlarini o‘qitish tizimi joriy etilgandi, ulardan 1 206 nafari menejerlik sertifikatiga ega bo‘ldi hamda ularga ustama berilmoqda.
Endi bu amaliyot 2025-yilning 1-sentabridan bog‘cha mudiralariga ham tatbiq etiladi. Ularga har oyda 30%gacha qo‘shimcha ustama to‘lanadi.
Shuningdek, Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi har yili sog‘lig‘ini tiklash uchun sanatoriy va dam olish maskanlariga yuboriladigan o‘qituvchilar sonini 2 barobar oshirishi kerakligi, rektorlar oliygohlarni rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan professor-o‘qituvchilar uchun sihatgoh yo‘llanmalari sonini 50%ga oshirishlari lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Avvalroq 2025-yildan kambag‘al oilalar farzandlari davlat bog‘chalariga imtiyoz asosida qabul qilinishi haqida xabar berilgandi.