Joriy yilning 2-oktabridan DV-2026 dasturiga arizalar qabuli boshlanadi. Bu haqda AQSh Davlat departamenti matbuot xizmati ma’lum qildi.

Dastur doirasida 2026-yil uchun turli millat vakillariga 55 mingtagacha vizalar (DV) ajratiladi. Nomzodlar unda ishtirok etish huquqiga ega mamlakat fuqarolari bo‘lishi kerak. O‘zbekistonliklar dasturda ishtirok eta oladilar.

Bundan tashqari, nomzodlar 12 yillik boshlang‘ich va o‘rta ta’limni muvaffaqiyatli tamomlagan, oxirgi besh yilda kamida ikki yillik o‘qish yoki ish bilan band bo‘lgan bo‘lishi talab qilinadi.

“Green Card” uchun talabgorlar tasodifiy aniqlanadi. Davlat departamenti mintaqalar o‘rtasida vizalarni teng taqsimlaydi. Hech bir mamlakatga bir yil ichida mavjud DVlarning 7%dan ko‘prog‘i berilmaydi.

Nomzodlarga ariza yuborishda yangilangan brauzerdan foydalanish tavsiya etiladi, chunki eski brauzerlar (masalan, Internet Explorer 8) onlayn DV-tizimi bilan bog‘liq muammolarga duch kelishi mumkin.

Shuningdek, talabgorlar turli tashkilotlar yordamisiz mustaqil ariza to‘ldirishga chaqiriladi. Agar ularga kimdir yordam bersa, savollarga to‘g‘ri javob berish va yagona tasdiqlash raqamini olish zarur. Qabul qilinganligi haqidagi ma’lumotnomani elektron yoki qog‘oz variantida saqlab qo‘yish kerak.

Dasturda ro‘yxatdan o‘tish uchun hech qanday to‘lov talab qilinmaydi. Lekin suhbatga saralanganlar rasmiy viza arizasini topshirishdan oldin to‘lov qilishlaari kerak bo‘ladi, konsullik xodimi ularning vizaga mos kelishini aniqlaydi.

Ariza to‘ldirishda quyidagi ma’lumotlarni taqdim etish kerak:

  • pasport bo‘yicha ism-familiya;
  • nomzod jinsi — erkak yoki ayol;
  • Tug‘ilgan sana — kun, oy, yil;
  • tug‘ilgan shahar;
  • tug‘ilgan mamlakat;
  • nomzod fotosurati (o‘zining, turmush o‘rtog‘i va arizaga kiritilgan barcha farzandlarning so‘nggi olti oy ichida olingan fotosuratlari);
  • pochta manzili;
  • hozirgi yashayotgan mamlakati;
  • telefon raqami;
  • E-pochta;
  • yuqori ta’lim darajasi;
  • hozirgi oilaviy holati;
  • farzandlar soni.

Nomzodlar DV-2026 dasturi uchun arizalarni joriy yilning 5-noyabrigacha elektron shaklda dvprogram.state.gov orqali jo‘natishlari mumkin.

Ro‘yxatdan o‘tishda oxirgi qabul haftasini kutmaslik tavsiya etiladi, chunki nomzodlar sonining ko‘pligi veb-sayt faoliyatida uzilishlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Kech jo‘natilgan yoki qog‘oz shaklidagi arizalar qabul qilinmaydi hamda har bir nomzod bir marotaba ariza jo‘natishi mumkin. Bir shaxs nomidan takror jo‘natilgan arizalar esa diskvalifikatsiya qilinadi.

2025-yilning 3-mayidan boshlab dvprogram.state.gov saytiga kirib, “Nomzod holatini tekshirish” tugmasini bosish va yagona tasdiqlash raqami va shaxsiy ma’lumotlarni kiritish orqali ariza holatini tekshirish mumkin bo‘ladi.

2023-yilgi arizalar qabulida AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi “Green Card” lotereyasida ishtirok etmoqchi bo‘layotganlarga maslahatlar bergandi. “Spot” lotoreya uchun anketani qanday to‘ldirish mumkinligi bo‘yicha qo‘llanma taqdim etgandi.