26-sentabr kuni issiqxona xo‘jaliklari faoliyatini rag‘batlantirishga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan, 2024−2025 yillar kuz-qish mavsumidan boshlab issiqxonalarga yetkazib beriladigan tabiiy gaz uchun oldindan to‘lovning 50%ini to‘lashga ruxsat beriladi.
Mazkur yengillik hosil yilining dastlabki 3 oyi (oktabr, noyabr va dekabr) uchun amal qilib, qolgan qismini oy yakunigacha to‘lash mumkin bo‘ladi. Keyingi oylardan esa har oyda to‘liq to‘lovni amalga oshirish va bu tartib amal qilishi uchun qarzdorlik bo‘lmasligi kerak.
Endi “Hududgazta'minot” hamda “Hududiy elektr tarmoqlari” bosim tushishi yoki uzilishlar bo‘yicha issiqxona va muzlatkichli omborxonalarni kamida 24 soat oldin majburiy xabardor qilishlari kerak bo‘ladi. Biroq, gaz va elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha shartnomalardagi fors-major holatlariga tatbiq etilmaydi.
Shuningdekk, issiqxona bilan gaz korxonasi o‘rtasidagi tabiiy gaz yetkazib berish shartnomalari har 3 yilda bir marotaba tuziladi.
Shartnomalarning texnik shartlariga gaz uzatuvchi va yetkazib beruvchi tashkilotlar uchun aholi va ijtimoiy soha obyektlariga yo‘naltirilgan umumiy foydalanishdagi gaz tarmoqlariga ulanmagan issiqxonalarga yetkaziladigan gaz bosimiga oid talablar kiritiladi.
Kredit shartnomasi shartlariga muvofiq banklar tomonidan issiqxonalarning kreditlari bo‘yicha undiruv choralari, shu jumladan, sud tartibida, muddati o‘tgan qarzdorlik qismiga nisbatan amalga oshiriladi.
Banklarga issiqxonalarning kreditlari summasini muddatidan oldin to‘liq qaytarish bo‘yicha sudga da’vo kiritishga quyidagi hollarda ruxsat etiladi:
- muddati o‘tgan qarzdorlikni undirish majburiy ijroga qaratilgan kundan boshlab 60 kun davomida qarzdorlik to‘lanmaganda va grafikka amal qilinmaganda;
- Fuqarolik kodeksining 738 (qarz oluvchining majburiyatlarini ta’minlash) va 739-moddalari (kreditdan maqsadli foydalanish) talablariga rioya qilinmaganda.
Hukumat bo‘ysunuviga o‘tkazilgan “O‘zenergoinspeksiya"ga 2025-yilning 1-apreligacha issiqxonalarda xorijiy tajribasi asosida energiya samaradorligini oshirish hamda energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish ishlarini tashkil qilish topshirildi.
Bunda inspeksiya energiya samaradorligi bo‘yicha yaxshi ko‘rsatkichlarga ega korxonalarni rag‘batlantirish mexanizmlarini, aniqlangan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tashkiliy-texnik tadbirlarni ishlab chiqish va tasdiqlashi kerak.
Shu bilan birga, energoservis (energoauditorlik) kompaniyalari va xorijiy maslahatchilarni jalb etgan holda korxonalarning ishlab chiqarish-texnologik jarayonlari energiya samaradorligini baholash tartibi o‘rniladi.
Avvalroq poytaxtga tutash tumanlardagi 1,2 mingdan ortiq issiqxonalarda ko‘mirning salbiy ta’sirini kamaytirish uchun chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatilishi, buning uchun esa ularga subsidiya berilishi ma’lum bo‘lgandi.