Davaktiv agentligi “Milliy banklararo protsessing markazi"ni xususiylashtirish jarayoni haqida ma’lumotlarni taqdim etdi.
Unga “Deloitte” xalqaro kompaniyasi konsultant, “KPMG” xalqaro kompaniyasi esa mustaqil baholovchi sifatida jalb etilgan. Jarayon uch bosqichda tashkil etilib, birinchi bosqich 22-avgustda yakunlandi.
Aktivni sotib olishga O‘zbekiston, Yevropa va Osiyodan 8 nafar investor qiziqish bildirgan. Arizalar mezonlarga muvofiqligi, jumladan, moliyaviy resurslar mavjudligi va AQSh, Yevropa Ittifoqi va xalqaro moliya institutlarining sanksiyalar ro‘yxatida ariza beruvchilarning mavjud emasligi ko‘rib chiqildi.
Tahlil natijalariga ko‘ra, konsultant 6 nafar talabgor mezonlarga javob berganligi to‘g‘risida xulosa chiqarib, ularni keyingi bosqichga o‘tkazishni ko‘rib chiqishni taklif qildi. Xususiylashtirish bo‘yicha davlat komissiyasi taklifni ma’qullab, keyibgi bosqichga ruxsat berdi.
Keyingi bosqichga o‘tgan talabgorlarga jarayon xati “Process letter” orqali navbatdagi bosqich to‘g‘risida batafsil ma’lumot beriladi. Axborotni oshkor etmaslik to‘g‘risidagi bitimni (NDA) imzolagandan so‘ng, ular aktiv haqidagi batafsil ma’lumotlarga kirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Majburiyatga ega bo‘lgan takliflar (BO) 15-noyabr kuni soat 23:59ga qadar konsultantga topshirilishi kerak. Talabgorlar, shuningdek, taklif qilingan qiymatning kamida 1%ini kafolatli to‘lov sifatida o‘tkazishi zarur.
Humo tarixi
“Milliy banklararo protsessing markazi” 2018-yilda tashkil etilgan, undan keyingi yilning bahorida esa u boshqarayotgan “Humo” to‘lov tizimi ishga tushirildi. 2021-yilda “Uzcard” bilan hamkorlik qilishga kelishib, infratuzilmani integratsiyalashni boshladi.
2023-yilning yozidan buyon 6,4 mingta “Humo” bankomatlari “Uzcard” bank kartalarini o‘zaro asosda qabul qiladi. Hozirda to‘lov terminallarini integratsiyalash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda, ular allaqachon sinov bosqichiga chiqqan.
Joriy yilning may oyida MBPM prezidentning tegishli farmoniga muvofiq aksiyadorlik jamiyati sifatida qayta tashkil etildi. Kompaniya tomonidan nominal qiymati 1000 so‘m bo‘lgan 155 448 748 dona oddiy aksiyalarni chiqarildi va ular Davaktiv agentligida joylashtirildi.
Qozog‘istonning “Kaspi” fintex guruhi to‘lov tizimini sotib olishga qiziqish bildirgan. Kompaniya “Humo"ning joriy biznes modelini to‘lov texnologiyalari va xizmatlari bilan to‘ldirishni rejalashtirmoqda.
Avvalroq “Spot” bilan suhbatda bo‘lgan ekspertlar “Humo"ning minimal qiymatini $60−80 mlnga baholashgandi. Davaktiv agentligi direktori Akmalxon Ortiqov bunga qo‘shilgan holda, “haqiqatga ancha yaqin” ekanini ta’kidladi.