Avvalroq 30-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev ta’lim-tarbiya sohasi vakillari bilan muloqot qilgani haqida xabar berilgandi.
Unda kelgusi yili budjetdan ajratiladigan 3,2 trln so‘m hisobidan 375ta maktab va 97ta bog‘cha rekonstruksiya qilinadi va yangilari barpo etilishi ma’lum qilingandi.
Bundan tashqari, Islom taraqqiyot banki va OPЕK jamg‘armasining $50 mln mablag‘i doirasida kelgusi 4 yilda 200ta xususiy bog‘cha qurilib, yangi 30 mingta o‘rin yaratiladi.
Yangi yildan xususiy sektorda o‘quvchi o‘rinlarini ko‘paytirish uchun maktab ochadigan tadbirkorlarga 20 mlrd so‘mgacha kredit ajratiladi. Kredit foizining asosiy stavkadan 1,5 barobar oshgan qismi budjetdan qoplanadi.
Shuningdek, yangi quriladigan xususiy maktab binolari uchun kommunal xarajatlarning 50%i 5 yil muddatgacha budjetdan to‘lab beriladi. O‘z hisobidan maktab qurgan tadbirkorlarning xarajatlari ikki yil davomida foyda solig‘idan teng ulushlarda chegirib tashlanadi.
O‘tgan 5 yilda 13 500dan ortiq kompyuter sinf xonalari 200 mingta kompyuter bilan ta’minlandi. Kelgusi yil yana 2 mingdan ziyod kompyuter sinflari yangilanadi, buning uchun budjetdan 400 mlrd so‘m beriladi. Ularga elektron ta’lim kontentlari yuklanib, bolalar uchun mustaqil ta’lim olish imkoniyati oshadi.
O‘quvchilar murrakab konsepsiyalarni oson o‘zlashtirishi uchun aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha virtual laboratoriyalar tashkil etiladi. Yangi o‘quv yilidan boshlab bunday laboratoriyalar har bir viloyatda 10tadan maktabda tashkil etiladi.
Shuningdek, maktab tizimida o‘qituvchi o‘z imkoniyati va yutuqlarini, yangi ishlanmalarini e’lon qilishi uchun yagona onlayn platforma yaratiladi.
Xususiy bog‘chalar kabi 6 800ta davlat bog‘chalarida davomat, to‘lovlar, oziq-ovqat xarajatlarini shakllantirish to‘liq raqamlashtiriladi. Bu yiliga 10% mablag‘ tejalishini ta’minlashi kutilmoqda.
Iqtisod qilingan pullar “Ta'limni rivojlantirish” jamg‘armasiga yo‘naltirilib, maktablarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash va mahoratli o‘qituvchilarni rag‘batlantirishga sarflanadi.
Bundan buyon hududlarning birinchi rahbarlari faoliyatiga baho berishda ta’limning sifati, maktablardagi sharoit, o‘qituvchilarning qadr-qimmati asosiy mezonlardan biri bo‘lishi belgilandi.
Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta-maxsus, oliy ta’lim va malaka oshirish tizimida yagona uzviy zanjirni yo‘lga qo‘yish uchun pedagogik ta’lim klasterlari tashkil etiladi.
U dastlab tajriba-sinov tarzida Andijon va Buxoro shaharlaridagi pedagogika kollejlarida barpo etiladi va hududlardagi pedagogika institutlari boshqaruvida bo‘ladi. Andijon va Buxoro pedagogika institutlari bunga budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan 25 mlrd so‘mdan ajratadi.