Sun’iy intellektga asoslangan ta’lim platformasida pedagoglar bilimini sinovdan o‘tkazish joriy etiladi. Bu haqda 30-sentabr kuni o‘tkazilgan Shavkat Mirziyoyevning ta’lim-tarbiya sohasi vakillari bilan muloqotida ma’lum qilindi.
Davlat rahbari “Yil o‘qituvchisi” tanlovi o‘tkazilib, 208ta tuman va shahardan g‘olib bo‘lgan o‘qituvchilarga sovg‘a sifatida uy-joy berilishini e’lon qildi.
Bundan tashqari, joriy yil 14ta maktabda pedagog kasbiga qiziqqan 10−11-sinf o‘quvchilari uchun alohida sinflar tashkil etildi. Kelgusi o‘quv yilidan yana 60ta maktabda, jumladan, 10ta ixtisoslashgan maktabda bu tajriba joriy qilinadi.
Kelajakda ushbu sinflarni tamomlagan o‘quvchilar shu yo‘nalishdagi oliygohlarga kirsa, ularga 2-kursdan maktabga borib kasbiy mahoratini oshirishi uchun imkoniyat yaratiladi. Alohida qobiliyatga ega talabalarga dars o‘tgani uchun oylik to‘lanadi.
Prezident pedagogika yo‘nalishidagi oliygohlarda tahsil olayotgan iqtidorli talabalar uchun Abdulla Avloniy nomidagi stipendiyani tashkil etishni taklif qildi.
Shuningdek, maktab tizimida o‘qituvchi o‘z imkoniyati va yutuqlarini, yangi ishlanmalarini e’lon qilishi uchun yagona onlayn platforma yaratiladi.
Singapurlik 16 nafar ekspert matematika va tabiiy fanlar o‘qituvchilarining kasb mahoratini oshiradi. Pedagoglar sun’iy intellektga asoslangan ta’lim platformasida bilimlarini bir yil davomida muntazam sinovdan o‘tkazadi.
Iyun oyida O‘zbekistonda uy-joyga muhtoj qizlarga 1 xonali ijtimoiy uylar qurilishi ma’lum qilingandi. Ular ishga joylashib, oyoqqa turib olgunga qadar mazkur uylarda 3 yil davomida bepul yashashlari mumkin bo‘ladi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida qurilish industriyasi ni rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda uy-joy sotib olish bo‘yicha eskrou tizimi joriy etilishi aytilgandi.