“Yandex Uzbekistan” 30-sentabrdan dasturlash maktabida Python bo‘yicha bepul o‘qish uchun arizalar qabul qilish boshlandi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Spot"ga ma’lum qildi.

Maktabga 14−17 yoshli o‘quvchilar jalb qilinadi. Bu yil o‘quv jarayonlari Toshkentda va ikki yangi shahar — Samarqand va Urganch (Xorazm viloyati)da bo‘lib o‘tadi, shuningdek, Toshkentdagi o‘rinlar soni ko‘paytiriladi.

Darslarda yuqori sinf o‘quvchilari Python dasturlash tilida ishlashning asoslari bilan tanishib, tilning asosiy tushunchalari, konstruksiyalari va kutubxonalarini o‘rganadilar.

Bu yil maktab o‘quvchilarini dasturlashga o‘rgatish bo‘yicha loyihaning sheriklari Toshkentdagi Inha Universiteti, Samarqanddagi Wepro va Urganchdagi IT Park Xorazm bo‘lishdi.

Darslar bu tashkilotlar bazasida haftasiga ikki marta bir yarim soatdan amaliy o‘tkaziladi.

Loyihada ishtirok etish to‘liq bepul, ammo maktabga kirish uchun imtihondan o‘tish kerak bo‘ladi. Dasturlash maktabiga kirish ikki bosqichdan iborat — test va suhbat.

Ishtirok etish uchun havola orqali ariza to‘ldirish kerak. Javobda test uchun havola keladi. Agar talabgor testdan muvaffaqiyatli o‘tsa, u suhbatga chaqiriladi.

Maktabga ro‘yxatdan o‘tish va testdan o‘tish 6-oktabrgacha (shu kuni ham) amalga oshiriladi.

Dasturlash maktabi bitiruvchilari o‘zlari uchun dasturlash va ommabop IT kasblari bilan tanishuvni onlayn shaklda Yandeks Litsey ixtisoslashuv kurslariga yozilib davom ettirishlari mumkin.

Bitiruvchilarga uch oylik kurslar — Django asosidagi veb-ishlanmalar, ma’lumotlarni tahlil qilish, mashinali o‘rganish, katta ma’lumotlar va Go dasturlash kurslari bepul taklif qilinadi.


Avvalroq “Spot” Izzat Shukurov “Yandex Uzbekistan” rahbari etib tayinlangani haqida yozgandi.

Bungacha u “Payze fintex” kompaniyasining Markaziy Osiyo mintaqasidagi faoliyatini boshqargan. Shuningdek, “Newmax Technologies”, “MyTaxi” hamda “Express24” kabi loyihalarda ishtirok etgan.