“Meta” asoschisi va rahbari Mark Sukerbergning boyligi kompaniya aksiyalarining o‘sishi hisobiga ilk bor $200 mlrddan oshdi, deya xabar bermoqda “Bloomberg”.
So‘nggi ikki yil ichida uning sof boyligi “Meta” aksiyalari narxining sezilarli darajada oshishi tufayli deyarli olti barobar oshdi.
Sukerberg tarixda Ilon Mask, Jeff Bezos va Bernard Arno bilan birga boyligi shu darajaga yetgan to‘rtinchi shaxs bo‘ldi.
“Bloomberg” shuningdek, 2021-yilda Sukerbergning “Facebook” negizida “Metaverse” yaratish haqidagi bayonoti unga $100 mlrdga tushishi mumkin bo‘lgan “katta xato"dek tuyulganini ta’kidlaydi, ammo bu g‘oya investorlar e’tiborini tortdi va hozirda katta daromad keltirmoqda.
2022-yil noyabr oyida “Meta” aksiyalari eng kamida $90dan sotildi — bu 2021-yilgi ko‘rsatkichga qaraganda to‘rt baravar kam. Aksiyalarning hozirgi narxi $560dan oshadi.
“Bloomberg"ning so‘nggi milliarderlar reytingiga ko‘ra, Ilon Mask $272 mlrd boyligi bilan dunyodagi eng boy odam bo‘lib qolmoqda.
Shuningdek, Ilon Mask 2027-yilga borib dunyodagi birinchi trillionerga aylanishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.
Qayd etilishicha, tadbirkorning kapitali yiliga 110%ga oshib, uni milliarderlar ro‘yxatida yetakchiga aylantiradi.
Avvalroq “Spot” Mark Sukerberg vertolyot maydoniga ega $300 mlnlik yaxta xarid qilgani haqida yozgandi.
Yaxtaning uzunligi 118 metr va eni 15 metr bo‘lib, u 24 nafar mehmon va 48 nafar ekipaj a’zolarini sig‘dira oladi.