Bishkekda Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi bo‘yicha kompaniyaning ofisi ochildi, deya xabar berdi Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmati.
Qirg‘iziston bosh vaziri Oqilbek Japarov o‘z nutqida temir yo‘l qurilishini “asr qurilishi” deb atadi.
Buning natijasida Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tariladi, dedi rasmiy.
“Ushbu tarixiy voqeaga erishish uchun katta va samarali ishlar qilindi. Ammo shuni ta’kidlash joizki, bu loyihani to‘liq amalga oshirishning faqat birinchi bosqichidir. Shu bilan birga, Xitoy va O‘zbekistondagi hamkasblarimizning boy tajribasiga tayangan holda, biz bu ishni samarali va o‘z vaqtida yakunlaymiz, deb ishonch bilan aytishimiz mumkin”, — dedi Oqilbek Japarov.
O‘zbekiston tomonidan “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘llari kompaniyasi” vakolatxonasining ochilish marosimida transport vaziri Ilhom Maxkamov va “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Zufar Narzullayev ishtirok etdi.
Prezident iyul oyida Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi loyihasini amalga oshiruvchi kompaniyaning ustav kapitaliga $255 mln ajratish to‘g‘risida buyruq bergan edi. Shulardan $14 mlni joriy yil oxirigacha jo‘natilishi kerak.
Loyiha haqida
Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishiga tayyorgarlik 2022-yilda boshlangan. Uch tomonlama kelishuv bilan loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish bo‘yicha ishlarni yakunlash belgilandi.
Qirg‘iziston transport va kommunikatsiyalar vaziri Tilek Tekebayevning ma’lum qilishicha, liniya davlat-xususiy sheriklik asosida qurilishi mumkin. Biroq O‘zbekiston Transport vazirligi rahbari o‘rinbosari Jasurbek Choriyev bu variant ko‘rib chiqilmasligini bildirdi.
Mazkur temir yo‘l qurilishi 2024-yilda boshlanishi kutilmoqda. Temir yo‘l qurilishi bo‘yicha loyihaning asosiy kelishuvlari hal qilingan, uning qiymati taxminan $5,1 mlrdni tashkil qiladi. Uzunligi hozirgacha 454 km bo‘lishi mumkin.
Temir yo‘l Qashg‘ar-Torugart-Makmal-Jalolobod-Andijon yo‘nalishi bo‘ylab o‘tadi. Mutaxassislarning qayd etishicha, yuk tashish yillik hajmi 15 mln tonnagacha yetishi mumkin, tovarlarni yakuniy iste’molchilarga yetkazish muddati esa 7 kunga qisqaradi.
Qirg‘iziston bosh vaziri Aqilbek Japarov temir yo‘l qurilishi yaqin oylarda boshlanishi mumkinligini bildirdi. Bungacha tarmoqni yotqizish bo‘yicha ishlar bir necha bor oktabr oyida boshlanishi aytilgandi.