30-sentabr kuni mamlakatda agrosanoat sohasiga yangi bozor mexanizmlarini joriy etish hamda sanoatlashgan bog‘ va tokzorlarni barpo qilishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident farmoni qabul qilindi.
Hujjat bilan Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi negizida Agrosanoatni rivojlantirish agentligi tashkil etiladi. Uning huzurida Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi hamda Vinochilikni rivojlantirish jamg‘armasi negizida Agrosanoatni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi tashkil etiladi.
2024-yilning 1-oktabridan sanoatlashgan yangi intensiv bog‘ va tokzorlarni barpo etish hamda moliyalashtirishning yangi tizimi joriy etiladi.
Shu bilan birga, yangi bog‘larni barpo etishni jamg‘arma kredit resurslari hisobidan banklar orqali moliyalashtirish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
- 1-bosqichda — yerni ekishga tayyorlash uchun imtiyozli kreditning 10%igacha miqdorda;
- 2-bosqichda — ko‘chat sotib olish va ekish xarajatlariga — 40%igacha;
- 3-bosqichda — sug‘orish tizimlarini o‘rnatish xarajatlariga — 30%igacha;
- 4-bosqichda — bog‘ hosilga kirgungacha 3 yil parvarishlash xarajatlariga — 20%i.
2025-yildan quyidagi toifaga o‘tkazish to‘g‘risida xulosani qabul qiluvchi tuman (shahar) komissiyasi tomonidan belgilangan vaqtda iqtisodiy jihatdan samarasiz va kam hosilli bog‘ va tokzorlar deb xulosa berilgach, talablar bajarilmasa soliqlar oshiriladi:
- iqtisodiy jihatdan samarasiz;
- kam hosilli bog‘ va tokzorlarni yaroqsiz deb topish;
- ular o‘rnida intensiv bog‘ va tokzor barpo etish;
- haydaladigan yerlar.
Bunda xulosa berilgan sanadan boshlab 12 oy davomida yangi bog‘ yoki tokzorlar barpo etilmagan taqdirda ular joylashgan maydonlar uchun yer solig‘i 3 baravarga oshiriladi.
Tashabbuskorlar yangi bog‘larni barpo etishda o‘z ehtiyojlari uchun xorijdan belgilangan ro‘yxatdagi payvandtagli mevali ko‘chatlar va payvandtaglar, payvandustlari, onalik materiallari va texnikalarni import qilishda QQS va bojxona bojlaridan ozod etiladi.
2024-yilning 1-dekabridan fermer va dehqon xo‘jaliklarining nufuzini oshirish, qayta ishlovchi va eksport qiluvchi korxonalarga ko‘maklashishga qaratilgan “meva-sabzavot mahsulotlari yetishtiruvchilarni baholash” tizimi joriy etiladi.
Agrosanoatni rivojlantirish agentligi meva-sabzavotchilik yo‘nalishidagi mahsulot yetishtiruvchi, qayta ishlovchilar, issiqxonalar hamda agentlik manfaatlarini ko‘zlab sudga kiritilgan da’volar va shikoyatlar yuzasidan davlat boji to‘lashdan ozod qilinadi.
19-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyevga ko‘rsatiligan qishloq xo‘jaligidagi islohotlarga oid taqdimotda mevali bog‘lar, jumladan, uzumzor va olmazorlar barpo etishning yangi tizimi joriy etilishi haqida gap borgandi.
Undan keyin hududlarda ipoteka bog‘lari yaratilib, besh yilga bo‘lib to‘lash sharti asosida lizingga berilishi ma’lum qilindi. Bog‘ yaratmoqchi bo‘layotgan tadbirkorlarga yerni arzon krediti va tayyor loyihasi bilan birga beruvchi tizim yaratiladi.