Andijonda energiya resurslariga noqonuniy ulanish holatlari fosh etilmoqda. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati xabar berdi.
Departamentning Andijon tumani bo‘limi va “O‘zenergoinspeksiya” viloyat boshqarmasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Unda aniqlanishicha, “A.” MCHJ mas’ul shaxslari va boshqalar o‘zaro til biriktirib, g‘isht mahsulotlari ishlab chiqarishda “Beshpaxlavon” MFYdagi nasos stansiyasi hududida suv nasosini tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulab olgan.
Buning natijasida 411,4 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.
Shu kabi, Departamentning Xonobod shahar bo‘limi tomonidan ham tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.
Tekshiruvda “V.k.” MCHJ mas’ul shaxslari va boshqalar MCHJning Andijon tumani, “Otchopar” MFY hududidagi suv nasosini umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanib olgani aniqlangan.
Buning natijasida 200,6 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq “Spot” Qashqadaryoda qariyb 362 mln so‘mlik elektr energiyasi talon-toroj qilingani haqida yozgandi.
Xususan, fuqaro avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasida o‘rnatilgan elektr hisoblagichni yechib olgani aniqlandi.