Markaziy bank sentabr oyida 2ta bankka nisbatan jarima qo‘lladi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan o‘tgan oydagi yig‘ilishlarida 21ta masala ko‘rilib, ular bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi. Xususan, ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida 14ta masala ko‘rib chiqildi.
Shundan 7tasi kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, 2tasi banklarda audit o‘tkazish huquqini berish uchun auditorlik malaka sertifikatini taqdim etish hamda1tasi chet el bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasini akkreditatsiya qilish bilan bog‘liq. Avvalroq Markaziy bank Xitoy Eksimbanki vakolatxonasini akkreditatsiya qilgandi.
O‘tkazilgan o‘rganish va tekshirish natijalarida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 2ta bankka nisbatan jarima sanksiyasi qo‘llanildi. Barcha banklarga chora va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirish berildi.
Bunga moliya tashkilotlariga Kredit axborotining davlat reyestriga kredit axboroti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kechikib yoki noto‘g‘ri taqdim etganligi sabab bo‘ldi.
Bundan tashqari, o‘tgan oyda “United Payment Solution"ning to‘lov tashkiloti faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasi chaqirib olindi. To‘lov tashkiloti litsenziya olingandan buyon bir yil davomida faoliyatini amalga oshirmagan.
Taqiqlangan xizmatlar (qimor o‘yinlar) bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirishga yo‘l qo‘ygani uchun “Maroqand” to‘lov tashkilotining ayrim operatsiyalari 6 oyga cheklandi.
Xususan, mazkur tashkilotning elektron shakldagi to‘lovlarga ishlov berish, to‘lov vositalari asosida pul mablag‘larini fuqarolarga o‘tkazish uchun zarur axborotni bankka berish hamda bank hisobvarag‘idan foydalangan holda to‘lovlarni qabul qilish va amalga oshirish xizmatlari to‘xtatib qo‘yildi.
Avvalroq Markaziy bankka kiberxavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha vakolatlar berilgandi. Kredit tashkilotlari va nobank kredit tashkilotlari faoliyatida axborot xavfsizligi kuchaytiriladi.