Janubiy Koreya Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida quruqlik portini tashkil etishda O‘zbekistonga yordam beradi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Vazirlik huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi va Koreya Okeanlar va baliqchilik vazirligining Port investitsiyalar departamenti vakillari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.
Unda logistika infratuzilmasini yaratish va modernizatsiya qilish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bilan bog‘liq jihatlar ko‘rib chiqildi. Tomonlar Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida quruqlik porti va ichki terminallarni qurish bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslashni (TIA) ishlab chiqishni muhokama qildi.
2024-yilning mart oyida vazirlik va Koreya tomoni ichki terminalning texnik-iqtisodiy asoslanishini ishlab chiqish bo‘yicha so‘rov bilan chiqdi. 9-avgustdan boshlangan loyiha 2025-yilning 12-sentabrigacha davom etadi.
“Ichki terminallarning tashkil etilishi O‘zbekistonning logistika mustaqilligini oshirish va uning Markaziy Osiyodagi asosiy logistika markazi sifatidagi rolini mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘ladi”, deyiladi xabarda.
Tomonlar Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida quruq portlar barpo etish loyihalarining texnik-iqtisodiy asoslanishini birgalikda ishlab chiqish bo‘yicha Hadli bitimni imzoladilar.
Joriy yilning mart oyida prezident yirik port shaharlarda O‘zbekistonning savdo uylarini ochishni topshirdi. Germaniya, Vengriya, Polsha, Ispaniya, AQSh va Qozog‘istondagi savdo uylari ham tadbirkorlar boshqaruviga beriladi.
Avvalroq O‘zbekiston Gruziyaning Poti portida ombor terminali qurilishini boshlagani haqida xabar berilgandi. Qiymati $18 mlndan ortiq bo‘lgan loyiha Yevropaga yuk tashuvlarini amalga oshirishga qaratilgan.