Yevropa Ittifoqining yetakchi maxfiylik regulyatori “Meta” kompaniyasini 91 mln yevro ($101,5 mln) miqdorida jarimaga tortdi, deya xabar bermoqda “Reuters”.
Jarimaga kompaniya ba’zi foydalanuvchilarning parollarini himoyasiz yoki shifrlashsiz beixtiyor saqlaganligi sabab bo‘lgan.
Tekshiruv besh yil avval “Meta” Irlandiyaning Ma’lumotlarni himoya qilish komissiyasiga (DPC) ba’zi parollarni “ochiq manba"da saqlayotgani haqida xabar berganidan keyin boshlangan.
O‘sha paytda “Meta” hodisani ochiq tan oldi va Ma’lumotlarni himoya qilish komissiyasi parollar tashqi tomonlar uchun ochiq emasligini ta’kidladi.
“Bunday ma’lumotlarga kirishda yuzaga keladigan suiiste’mollik xavfini hisobga olgan holda, foydalanuvchi parollari ochiq saqlanmasligi kerak”, — dedi DPC Irlandiya komissari o‘rinbosari Grem Doyl bayonotida.
“Meta” vakilining ta’kidlashicha, kompaniya 2019-yilda xavfsizlik tekshiruvi paytida xatoni aniqlagandan so‘ng uni tuzatish uchun zudlik bilan chora ko‘rgan va va parollar noto‘g‘ri ishlatilganligi yoki ularga noto‘g‘ri kirish huquqi berilganligi to‘g‘risida hech qanday dalil yo‘q.
Sentabr oyida “Meta” Yevropa Ittifoqida $13,5 mlrd jarimaga tortilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.
Bunga kompaniya reklama bozorini suiiste’mol qilgani, foydalanuvchilarning xohishidan qat’i nazar, avtomatik ravishda Marketplace xizmatiga ulanishi sabab qilib ko‘rsatilmoqda.
Avvalroq “Spot” AQSh Adliya vazirligi Google’ni raqamli reklama bozoridagi monopoliyada ayblangani haqida yozgandi.
Tahlilchilar kompaniyaning umumiy moliyaviy yo‘qotishlari $100 mlrdgacha yetishi mumkinligini taxmin qilmoqda.