“Flynas” va “Qeshm Air” aviakompaniyalari O‘zbekistonga parvozlarni vaqtincha to‘xtatdi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbout xizmati xabar berdi.
Bunga Yaqin Sharqdagi vaziyatning keskinlashuvi va havo hududining bir qismi yopilishi sabab bo‘ldi.
Xususan, 2-oktabr kuni “Flynas"ning KNE633/634 Jidda-Toshkent-Jidda va KNE651/652 Jidda-Namangan-Jidda yo‘nalishidagi, “Qeshm Air"ning esa QSM2143/2142 Tehron-Toshkent-Tehron yo‘nalishidagi reyslari bekor qilindi.
Mazkur reyslar haqida batafsil ma’lumot olish uchun aviakompaniya vakillariga murojaat qilish tavsiya etilmoqda.
Bundan tashqari, yuqoridagi vaziyat fonida “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining 1-oktabr kungi HY304 Tel-Aviv-Samarqand-Toshkent yo‘nalishidagi aviaqatnovi majburiy kechiktirildi.
“Air Samarkand” aviakompaniyasi esa O‘zbekiston shaharlaridan Jiddaga parvoz yo‘nalishlarini zudlik bilan qayta tashkil etdi. Xususan, BAA, Bahrayn va Saudiya Arabistoni hududlari bo‘ylab muqobil yo‘nalishlar ishlab chiqilgan.
Aviakompaniyaga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra 9S 405 Namangan-Jidda reysi bo‘yicha parvoz kechikdi. Jidda, Termiz va Samarqand o‘rtasidagi keyingi 9S 406, 9S 407, 9S 408 reyslarida ham kechikishlar mavjud. Parvoz yo‘nalishlari uzoqroq bo‘lgani uchun parvoz vaqti ham ortadi.
Saudiya Arabistonining “Flynas” aviakompaniyasining Jiddadan Toshkentga parvozi 2022-yilda boshlangan, Namanganga birinchi reys 2023-yilning oktabrida amalga oshirilgan.
“Qeshm Air” kompaniyasining Tehron bilan Toshkent o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlari esa o‘tgan yilning avgustida yo‘lga qo‘yilgan.