“Green Card” lotereyasi bo‘yicha joriy yilgi viza berish jarayoni yakuniga yetdi. Bu haqda AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati xabar berdi.
“2024-yil uchun „Turli millatga mansub immigrantlar vizasi“ dasturi asosida, butun dunyo bo‘ylab yillik cheklangan vizalar miqdori yakuniga yetdi va biz ushbu dastur asosida boshqa viza bera olmaymiz”, deyiladi vakolatxona xabarida.
Agar fuqaro immigratsion ish raqami “2024” bilan boshlangan va viza suhbatidan o‘tgan, lekin hali viza olinmagan bo‘lsa, bu joriy yilgi dasturda viza olish imkoniyati qolmaganini bildiradi.
Bugun, 2-oktabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 21:00da 2026-yil uchun “Green Card” lotereyasiga arizalar qabuli boshlanadi.
Dasturda ro‘yxatdan o‘tish uchun hech qanday to‘lov talab qilinmaydi. Lekin suhbatga saralanganlar rasmiy viza arizasini topshirishdan oldin to‘lov qilishlaari kerak bo‘ladi.
Nomzodlarga ariza yuborishda yangilangan brauzerdan foydalanish, turli tashkilotlar yordamisiz mustaqil ariza to‘ldirish tavsiya etiladi. Ariza qabul qilingani haqidagi ma’lumotnomani elektron yoki qog‘oz shaklida saqlab qo‘yish kerak.
2023-yilgi arizalar qabulida AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi “Green Card” lotereyasida ishtirok etmoqchi bo‘layotganlarga maslahatlar bergandi. “Spot” lotoreya uchun anketani qanday to‘ldirish mumkinligi bo‘yicha qo‘llanma taqdim etgandi.