2-oktabr kuni ertalab Toshkent xalqaro aeroportida Eron havo hududi orqali amalga oshirilayotgan parvozlarning kechikishi kuzatildi. Bunga Isroilga raketa hujumi amalga oshirilishi sabab bo‘lib, uning natijasida Yaqin Sharqdagi ayrim davlatlar orqali parvozlarga vaqtinchalik cheklovlar joriy etildi.
“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi 1-oktabr kuni Tel-Aviv-Samarqand-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qilayotgan HY304 reysi majburiy kechiktirilgani haqida xabar berdi.
O‘zbekistonning turli shaharlaridan Jiddaga parvozlarni amalga oshiruvchi “Air Samarkand” xususiy aviakompaniyasi ham kechikishlarga duch keldi. Parvoz yo‘nalishlari uzoqroq bo‘lgani uchun parvoz vaqti ortadi, deya ogohlantirdi kompaniya.
“Flightradar24” xizmati ma’lumotlariga asoslanib, “Spot” chorshanba kuni parvozlari 1 soat va undan ko‘proq muddatga kechiktirilgan yettita reysni aniqladi. Xususan, samolyotlar Quvayt, Dubay va Sharm el-Sheyxga harakatlangan.
Bundan tashqari, Saudiyaning “Flynas” aviakompaniyasining Toshkentdan (KNE633/634) va Namangandan (KNE651/652) Jiddaga, Eronning “Qeshm Air” aviakompaniyasining Toshkentdan Tehronga (QSM2143/2142) parvozlari bekor qilindi.
Aviakompaniyalar qanday yo‘l tutmoqda?
“Uzbekistan Airways” matbuot xizmatining “Spot"ga ma’lum qilishicha, Yaqin Sharqdagi vaziyat yomonlashgani sababli Tel-Avivdan Toshkentga parvoz kechiktirilgan. Biroq Isroilga va ortga qaytish parvozlari jadvaliga o‘zgartirish kiritilmagan. “Vaziyat nazorat ostida”, deya ta’kidladi aviakompaniya.
“Flightradar24” ma’lumotlariga ko‘ra, “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining Tel-Aviv-Samarqand (HY 304) yo‘nalishi bo‘yicha reysi Eron havo hududini Turkiya, Armaniston va Ozarbayjon orqali aylanib o‘tgan.
Bundan bir kun avval — 1 oktabr kuni milliy aviakompaniyaning poytaxtdan Isroilga uchgan navbatdagi reysi (HY303) Tel-Avivdan Iordaniya poytaxti — Ammonga yo‘naltirilgan.
Bugun, 2-oktabr kuni “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining (HY341) reysi Eron havo hududini chetlab o‘tib, Toshkentdan Sharm-el-Sheyxga yo‘l oldi. Yangi yo‘nalish sezilarli darajada uzoqroq bo‘ldi va sayohat vaqti avvalgisiga nisbatan uzoqroq davom etdi.
Yana bir “Jazeera Airways” aviakompaniyasi Toshkentdan Al-Quvaytga (J9650) parvoz qilib, Ozarbayjon, Armaniston, Turkiya va Iroq orqali aylanma harakatlanib, Eron hududini chetlab o‘tdi.
“Centrum Air” matbuot xizmati “Spot"ga Eron orqali Sharm el-Sheyxga uchishda davom etishini, biroq mamlakatning sharqiy qismi orqali xavfsiz yo‘nalishdan foydalanishini ma’lum qildi. Biroq, bu parvoz masofasini oshiradi, shuning uchun qarama-qarshi yo‘nalishda samolyot qo‘shimcha yonilg‘i baklari bo‘lgan Airbus A321 bilan almashtiriladi.
“Spot” suhbatdoshlaridan birining aytishicha, “O‘zaviatsiya” agentligi aviatashuvchilarga Eron havo hududidan foydalanmaydigan muqobil parvoz yo‘nalishlarini ishlab chiqish bo‘yicha og‘zaki ko‘rsatma bergan.
Natijada, aviatashuvchilar Eronni chetlab o‘tish uchun yoqilg‘i sarfining yuqoriligi sababli qo‘shimcha xarajatlarga duch keladi, deya ta’kidladi manba.
Bundan tashqari, Qozog‘istonning eng yirik aviakompaniyasi “Air Astana” Eron havo hududini aylanib o‘tib, Dubayga parvozlarni amalga oshirishga qaror qildi. O‘z navbatida, bu parvoz vaqtining oshishiga olib keladi.
Maqola tayyorlanayotgan vaqtda Transport vazirligi va “O‘zaviatsiya” agentligi O‘zbekistondan Yaqin Sharq mamlakatlariga parvozlar jadvali va yo‘nalishidagi ehtimoliy o‘zgarishlarga o‘zgarishlarga izoh bermadi.
Avvalroq O‘zbekistonning xususiy aviakompaniyalar Janubiy Koreyaga parvozlar sonini oshirishi haqida xabar berilgandi.