O‘zbekiston va Janubiy Koreya parvozlar sonini haftasiga 24taga yetkazadi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ikki mamlakat aviatsiya ma’muriyatlari o‘rtasida Seulda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda tomonlar anglashuv memorandumini imzolashdi. Hujjat bilan, avval xabar berilganidek, ikki mamlakat o‘rtasida tayinlangan aviakompaniyalar soni bo‘yicha cheklovlar bekor qilindi.
O‘zbekiston bilan Koreya o‘rtasidagi amaldagi aviaqatnovlar sonini har bir tomon uchun haftasiga 10tadan 24taga oshirish huquqi berildi. Bu jami aviaqatnovlar sonini 48taga oshiradi.
Bunda Toshkent va Seul o‘rtasida haftasiga 12tagacha parvozlar amalga oshiriladi. Koreyaning hududiy viloyatlaridan Toshkentga haftasiga 4tagacha, o‘z navbatida, O‘zbekistonning hududiy viloyatlaridan Seulga ham bir xil miqdorda aviaqatnov yo‘lga qo‘yiladi. Hududlar o‘rtasidagi muntazam aviaqatnov esa haftasiga 4tagacha harakatlanadi.
Shuningdek, har ikki tomon aviakompaniyalari uchun “ochiq osmon” rejimidan foydalanish imkoniyati yaratiladi. Bu Janubiy Koreya tomonidan “Jeju”, O‘zbekiston “Samarqand” xalqaro aeroporti orqali taqdim etiladi.
Erishilgan kelishuvlar ikki mamlakat o‘rtasida savdo va iqtisodiy aloqalarining rivojlanishi, yo‘lovchi, yuk va tovar aylanmalari hajmining ortishi hamda Koreyalik sayyohlarni O‘zbekistonning tarixiy shaharlariga jalb etish uchun xizmat qilishi qayd etildi.
Avvalroq “Flynas” va “Qeshm Air” aviakompaniyalari O‘zbekistonga parvozlarni vaqtincha to‘xtatgani haqida xabar berilgandi. Bunga Yaqin Sharqdagi vaziyatning keskinlashuvi va havo hududining bir qismi yopilishi sabab bo‘ldi