O‘zbekistonning bir nechta yangi aviakompaniyalari Janubiy Koreyaga muntazam reyslar tashkil etish huquqiga ega bo‘ladi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Transport vazirligi delegatsiyasi Seulda Koreya aviatsiya ma’muriyati bilan muzokaralar o‘tkazdi. Unda O‘zbekiston bilan Koreya aviatsiya hukumatlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Xususan, tomonlar tayinlangan aviakompaniyalar soni bo‘yicha cheklovni bekor qilish hamda ularga parvozlar uchun tegishli huquqlarni berish masalasini ko‘rib chiqishdi. Bu orqali ikki davlat o‘rtasidagi aviaqatnovlar sonini oshirish hamda parvozlar geografiyasini kengaytirish mumkinligi qayd etildi.
Uchrashuvda mamlakatlar o‘rtasidagi aviaqatnovlar “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi bilan birga “Qanot Sharq”, “My Freighter” (Centrum Air) hamda “Air Samarkand” aviakompaniyalari tomonidan ham amalga oshirilishi ma’lum qilindi.
Ikki davlat aviatsiya hukumatlari o‘rtasidagi oxirgi maslahatlashuvlar 2018-yilda o‘tkazilgan. Unga ko‘ra ikki mamlakat o‘rtasidagi aviaqatnovlar har bir tomon aviakompaniyalari uchun haftasiga 10 tadan etib belgilangan va har bir tomondan 2 tadan aviakompaniyalarga aviaqatnovlarni amalga oshirish huquqi berilgan.
Jori yilning iyun oyida “Qanot Sharq” aviakompaniyasi Toshkentdan Seulga to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘ydi. Parvozlar haftasiga ikki marta — chorshanba va yakshanba kunlari amalga oshiriladi. Bungacha “Korean Air” sotuvlar pasayishi va aviakompaniya siyosati o‘zgarishi sabab, poytaxtlar o‘rtasidagi aviareyslarni to‘xtatgandi.
Avvalroq, 29-sentabrdan “Air Samarkand” Samarqanddan Toshkentga muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘ygani haqida xabar berilgandi.