O‘zbekistonda yil oxirigacha “Paypal”, “Alipay” hamda “UniPay” ishga tushishi mumkin. Bu haqda turizmning yangi turlarini joriy etish hamda mamlakat turizm salohiyatidan samarali foydalanishga qaratilgan hukumat qarorida keltirilgan.
Yil oxirigacha Transport vazirligiga Turizm qo‘mitasi bilan birgalikda avtotransport vositalarini ijaraga berish xizmatlarini ko‘rsatuvchi mahalliy va xorijiy, jumladan, “Hertz”, “Avis” hamda “Sixt kabi kompaniyalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Mazkur kompaniyalar mamlakatning aeroport va temir yo‘l vokzallari hududlarida faoliyat yuritishi uchun sharoitlar yaratish choralari ko‘riladi.
Turizm qo‘mitasi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hududlar bo‘yicha turistik yo‘nalishlar va obyektlarni qamrab oluvchi ro‘yxatni shakllantirib, “Apple” va “Google” xalqaro xaritalarga taqdim etilishini va muntazam ravishda reyestri yangilab borilishini ta’minlashi kerak.
Markaziy bank Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Turizm qo‘mitasiga yil yakunigacha xalqaro onlayn to‘lov kompaniyalari bilan muzokara o‘tkazish topshirildi.
Ular bilan “Paypal”, “Alipay”, “UniPay”, “Apple Pay”, “Google Pay” kabi onlayn to‘lov vositalarini O‘zbekistondagi to‘lov tizimlari va bank xizmatlariga ulashni yo‘lga qo‘yish, milliy qonunchilik talablarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar kiritish belgilandi.
O‘zbekistonning “PayPal” xizmatiga qo‘shilishi 2018-yildan beri muhokama qilinib kelinmoqda. O‘sha yili qabul qilingan prezidentninig tegishli qarorida xalqaro to‘lov tizimlari, jumladan, “PayPal"dan foydalanish to‘g‘risidagi band kiritildi.
Turli vaqtlarda “OSON”, “Uzcard” kabi brendlar kompaniya bilan muzokara olib borilayotgani haqida xabar berishgan. Biroq 2020-yilning oktabrida Markaziy bank “PayPal"ning o‘zi mamlakatdagi faoliyatini cheklaganini maʼlum qilgandi.
2021-yili Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan “PayPal” kompaniyasi bilan dastlabki muzokaralar o‘tkazilib, suhbat davomida kompaniya O‘zbekistonda faoliyatini ishga tushirishni rejalashtirmagani maʼlum bo‘lgandi.