30-sentabr kuni qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan, bog‘dorchilik, uzumchilik, issiqxona xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash sohasidagi islohotlarni chuqurlashtirish hamda tizim faoliyatini yaxshilash bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.
Shuningdek, 2024−2027 yillarda anjir, funduk va zaytunzorlarni tashkil etishning maqsadli ko‘rsatkichlari belgilandi.
Agentlik tomonidan jamg‘arma mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat yo‘nalishidagi subsidiyalar turlari maqbullashtiriladi.
Bunda 2025-yildan intensiv mevali bog‘ va uzumzorlarda tomchilatib sug‘orish tizimlari o‘rnatganlik uchun subsidiya 1 gektariga 16 mln so‘mgacha etib belgilanadi.
Suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llash uchun subsidiya suv quvurlarining o‘lchamidan (diametri) kelib chiqib, 40 ming so‘mdan 250 ming so‘mgacha beriladi.
“In-vitro” usulida yaratilgan mevali payvandtagli ko‘chatlarni sotib olish xarajatlari uchun subsidiya miqdori xarajatlarning 50%ini tashkil etadi.
Shuningdek, ekish sxemalari hududlarning tuproq va iqlim sharoitlaridan kelib chiqib, agentlik tavsiyasi bilan belgilanadi.
Hujjat bilan, 1-oktabrdan ko‘chat payvandtaglari uchun beriladigan barcha turdagi subsidiyalar bekor qilinadi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan qurilish industriyasiga oid yig‘ilishda So‘x, Baxmal, Pop, Ohangaron tumanlarida sanoatlashgan “in-vitro” bog‘lar yaratish tajribasini butun mamlakatga yoyish zarurligi qayd etildi.
Bunda, “ipoteka bog‘lari” yaratilib, hosilga kirganidan keyin odamlarga 5 yilda bo‘lib to‘lash sharti bilan lizingga beriladi. Bog‘ yaratmoqchi bo‘layotgan tadbirkorlarga yerni arzon krediti va tayyor loyihasi bilan birga beradigan tizim bo‘ladi.
Mazkur tizimni yo‘lga qo‘yib, shu yilni o‘zida 14 ming, kelgusi yil 29 ming gektarda mana shunday bog‘ va tokzorlar tashkil qilish vazifasi qo‘yildi.
19-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyevga ko‘rsatiligan qishloq xo‘jaligidagi islohotlarga oid taqdimotda mevali bog‘lar, jumladan, uzumzor va olmazorlar barpo etishning yangi tizimi joriy etilishi haqida gap borgandi.
Prezident farmoni bilan meva-sabzavot mahsulotlari yetishtiruvchilarni baholash tizimi joriy etilishi belgilandi. 1-oktabrdan sanoatlashgan yangi intensiv bog‘ va tokzorlarni barpo etish hamda moliyalashtirishning yangi tizimi joriy etiladi.