Vazirlar Mahkamasining 27-sentabrdagi qarori bilan kirish turizmi bilan shug‘ullanuvchi turoperatorlar uchun imtiyozli kreditlar ajratishning qo‘shimcha shartlari tasdiqlandi.
Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobidan $50 mln ekvivalentida kredit liniyasi ajratilishi prezidentning iyuldagi farmoni bilan ko‘zda tutilgan. Mablag‘lar tijorat banklariga yillik 14%, 12 yil muddatga, 3 yillik imtiyozli davr bilan beriladi.
Banklar turoperatorlarga chet ellik sayyohlarni jalb qilish bilan bog‘liq xarajatlarni 10 yil davomida 2 yillik imtiyozli davr bilan moliyalashtirish uchun pul ajratadilar. Marja kredit liniyasi bo‘yicha belgilangan foiz stavkasining 3%idan oshmasligi kerak.
Kredit liniyasi doirasida bitta kompaniya 25 mlrd so‘mgacha mablag‘ olishi mumkin bo‘ladi. Kredit olish uchun u ariza berish paytida kamida 1 yil ishlagan bo‘lishi kerak, shuningdek, loyihani moliyalashtirishning kamida 15%ini o‘z mablag‘lari hisobidan ta’minlashi kerak.
Yil davomida maqsadli kredit oluvchi uning xizmatlaridan foydalanuvchi xorijiy sayyohlar sonini va turizm xizmatlaridan olinadigan daromadni 25%ga oshirish majburiyatini oladi. Aks holda, kredit tijorat stavkasi bo‘yicha to‘lanadi.
Maqsadli kredit liniyasi bo‘yicha ajratilgan pul mablag‘laridan quyidagi maqsadlarda foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi:
- ilgari olingan kreditlarni yoki boshqa qarzlarni qaytarish;
- alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish;
- ishlab chiqarish maqsadlari uchun ishlatilmaydigan shaxsiy mol-mulk sotib olish;
- avtotransport vositalarini xarid qilish (qiymati kredit summasining 40%igacha bo‘lgan 8 va undan ortiq o‘rinli yo‘lovchi tashuvchi avtomobillar sotib olish bundan mustasno);
- ma’muriy xarajatlarni to‘lash, shu jumladan xizmat avtomobillarini saqlash;
- bino va inshootlar sotib olish va qurish.
Avvalroq “Spot” xorijdan turist olib kelgan turoperatorlarga subsidiya berish tartibi tasdiqlangani haqida yozgandi.
Turistlarni jalb qilish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar teng ulushlarda $20dan $100gacha beriladi.