Toshkentda Amerika texnologiyalar universiteti faoliyatini boshladi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Yangi oliygoh AQShning “Cintana Education” kompaniyasi ishtirokida ochilib, Amerika tomonidan “Times Higher Education” reytingida 182-o‘rinda turgan Arizona davlat universiteti bilan hamkorlik qilinadi.
Mazkur universitet oliy ta’lim sohasiga yetakchi xorijiy ta’lim muassasalari tajribasini joriy etadi. Unda muhandislik, sog‘liqni saqlash, IT, arxitektura va dizayn, iqtisodiyot va moliya, xalqaro munosabatlar sohalari uchun oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlanadi.
2024/2025 o‘quv yilida Amerika texnologiyalar universitetida Xalqaro savdo va Dasturiy muhandislik yo‘nalishida bakalavr bosqichida o‘qish tashkil etiladi.
Keyinchalik o‘quv dasturlari kengaytirilib, OTM Arizona davlat universitetining diplomlaridan tashqari AQShning boshqa universitetlari diplomlarini berishi mumkin bo‘ladi.
Universitetda qo‘shma ta’lim dasturlarining xorijiy universitetda o‘qish qismini bakalavriatda “3+1”, magistraturada “1+1” va boshqa shaklda, jumladan, masofaviy tarzda amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.
“Cintana Education” universitetni tashkil etish va faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun 2024−2030 yillarda $30 mln, 2030−2035 yillarda esa $20 mln investitsiya kiritadi. Ularning kamida 50%i universitet moddiy-texnika bazasini shakllantirishga sarflanadi.
Mazkur oliygohni tashkil etish bo‘yicha kelishuv Shavkat Mirziyoyevning AQShga tashrifi doirasidagi uchrashuvlarda “Cintana” rahbari Duglas Bekker bilan muzokaralarda belgilangan.
Joriy yilning iyul oyida prezidentga oliy ta’lim sohasidagi loyihalar taqdim etilib, unda joriy o‘quv yilidan Amerika texnologiyalar universiteti poytaxtda ish boshlashi ma’lum qilingandi.
Undan keyin davlat rahbarining tegishli qarori qabul qilindi. Talabalar to‘lov-kontrakt asosida o‘qitilishi, qabul parametrlari va kontrakt miqdori universitet tomonidan belgilanadi.