Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston hukumati bilan Issiqko‘ldagi kurort va dam olish maskanlari to‘g‘risidagi kelishuvni tasdiqladi.
Bitim Sadir Japarovning iyul oyidagi O‘zbekistonga tashrifi doirasida imzolangandi. Unga ko‘ra, Issiqko‘l sohilidagi to‘rtta pansionat avval egalik qilgan o‘zbekistonlik investorlarga 49 yilga ijaraga beriladi.
Xususan, quyida rekreatsion obyektlar va ularga mulk huquqini amalga oshiruvchi kompaniyalar keltirilgan:
- “Dilorom” — “Asakabank”;
- "Oltin qumlar" — Toshkent mexanika zavodi;
- “Rohat” — “O‘zmilliybank”;
- qurilishi tugallanmagan “Bo‘ston” majmuasi — “O‘zsanoatqurilishbank”.
Investorlar obyektlarni 3−4 yulduz darajasida rekonstruksiya qilishlari, shuningdek, xodimlarining kamida 80%i Qirg‘iziston fuqarolaridan iborat bo‘lishi kerak. Har bir obyekt uchun taxminiy investitsiya miqdori $15−20 mlnni tashkil etadi.
Bitimning bajarilishi uchun javobgarlik Davlat aktivlarini boshqarish agentligi zimmasiga yuklanadi. Tashqi ishlar vazirligiga Qirg‘iziston hukumatiga shartnomaning kuchga kirishi uchun tartib-taomillarning bajarilishi to‘g‘risida bildirishnoma yuborish topshirildi.
Shuningdek, hukumat hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari shartnoma kuchga kirganidan keyin uning qoidalari amalga oshirilishi ustidan belgilangan tartibda nazoratni ta’minlashi kerak.
Avvalroq Namangan va Andijondagi O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarasida bojxona postlari ochilgani haqida xabar berilgandi.