Janubiy Koreya instituti KAIST (Korea Advanced Institute of Science and Technology) stipendiya dasturiga arizalar qabul qilmoqda.
Unda butun dunyodan nomzodlar 2025-yilgi o‘quv dasturi doirasida bakalavr darajasi uchun ariza topshirishlari mumkin. Bu barcha talabalarga Koreya ilg‘or fan va texnologiya institutida to‘liq moliyalashtirilgan holda tahsil olish imkonini beradi.
Stipendiya institutga qabul qilingan talabalarga taqdim etiladi. Oliygohda matematika, kimyo, mashinasozlik, elektrotexnika, kompyuter ilmi, sanoat dizayni hamda biznes va texnologiyalar menejmenti kabi yo‘nalishlar mavjud.
Qabul qilinganlar 8 semestr uchun o‘qish to‘lovidan to‘liq ozod etilib, yashash xarajatlari uchun oyiga 350 ming Janubiy Koreya voni ($262) miqdorida oylik stipendiya bilan ta’minlanadi. Shu bilan birga, dastur tibbiy sug‘urta xarajatlarini qoplaydi.
Institutga kirish uchun nomzodlar quyidagi hujjatlarni taqdim etishlari kerak:
- ariza shakli;
- tavsiyanoma;
- maktab shahodatnomasi transkripti;
- pasport yoki ID-karta nusxasi;
- ingliz tilini bilish darajasini tasdiqlovchi sertifikat;
- moliyaviy resurslarga oid ma’lumotnoma va boshqalar.
Qabul qilinganlarning birinchi o‘quv yilidagi GPA ko‘rsatkichi 2,7 baldan 4,3balgacha bo‘lishi kerak.
Arizalar qabuli ikki marotaba amalga oshiriladi. Erta qabul uchun hozirda jarayon davom etmoqda. Ariza va hujjatlarni 24-oktabrgacha topshirish mumkin. Muntazam qabul jarayoni 6-noyabrdan boshlanadi. Arizalar 2025-yilning 7-yanvarigacha qabul qilinadi.
Bunda ariza topshirishda to‘lov mavjud. Bu $80 yoki 80 ming Janubiy Koreya vonini tashkil etadi. To‘lovlarni onlayn ariza shaklini to‘ldirgandan so‘ng onlayn amalga oshirish mumkin.
Undan keyin nomzodlarga tavsiyanoma beruvchilarga ularni yuborish bo‘yicha ko‘rsatmalar avtomatik ravishda elektron pochta orqali yuboriladi.
Arizalarni havola orqali jo‘natish mumkin. Dastur haqidagi batafsil ma’lumotlar bu yerda.
Xalqaro nomzodlar 2025-yilgi bahorgi qabul uchun 28-fevralgacha, kuzgi semestr uchun esa 31-avgustgacha maktabni tugatgan yoki tugatadigan bo‘lishi zarur.
Avvalroq Janubiy Koreyaning KINGS Oliy xalqaro atom energetikasi maktabi grant dasturiga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi.