Prezident tomonidan 2-oktabrda imzolangan qonun bilan O‘zbekiston ishlab chiqarish sohasida mehnat xavfsizligi va gigiyenasi to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyani ratifikatsiya qildi.

Mazkur konvensiya 1981-yilning 22-iyunida Jenevada qabul qilingan. U 75ta davlat, jumladan, MDHga a’zo davlatlar orasida Rossiya, Belarus, Ukraina, Tojikiston Qozog‘iston va Ozarbayjon tomonidan ratifikatsiya qilingan.

Mazkur hujjat davlatlarni mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik sohasida milliy siyosatni ishlab chiqish majburiyatini yuklaydi.

Shuningdek, konvensiya davlat organlariga sanoat korxonalarini loyihalash, qurish va joylashtirishni tartibga solish, ishchilarning mehnat sharoitlarini nazorat qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar beradi.

23-sentabr kuni Oliy Majlis Senatining 57-yalpi majlisida mazkur konvensiyasini ratifikatsiya qilish haqidagi qonun ma’qullangandi.

“Mazkur xalqaro hujjat barcha iqtisodiy faoliyat sohalarini o‘z ichiga olib, davlat xizmatida ishlovchilarga, yollangan ishchilarga, shuningdek, bevosita va bilvosita ish beruvchi nazorati ostida bo‘lgan ishchi xodimlarga tatbiq etiladi”, — dedi senator Ravshanbek Olimov.

Senator mehnat xavfsizligi gigiyenasi va ishlab chiqarish muhiti talablari mamlakat qonunchiligi hujjatlarida belgilanganini qayd etdi.

Joriy yilning fevral oyida Xalqaro mehnat tashkilotining ish haqini himoya qilish to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qiluvchi qonun ma’qullangandi. Undan keyin, mart oyida prezident tomonidan mazkur qonun qabul qilindi.

Avvalroq prezident tomonidan imzolangan qonun bilan Xalqaro mehnat tashkilotining to‘liqsiz ish vaqti sharoitlarida ishlash to‘g‘risidag Konvensiyasi ratifikatsiya qilingandi.