Avvalroq Markaziy bank “Maroqand” to‘lov tashkilotining to‘lovlarni qabul qilish va amalga oshirish xizmatlarini yarim yilga to‘xtatib qo‘ygani haqida xabar berilgandi.
Bunga “UPay” to‘lov tashkilotining savdo belgisiga ega “Humans” shuba korxonasi bo‘lgan to‘lov tashkilotining taqiqlangan xizmatlar, jumladan, qimor o‘yinlari bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirgani sabab bo‘lgan.
Biroq, “Humans” regulyatorning xatti-harakatlari qonunchilikni buzadi, “bozorni adolatli tartibga solish tamoyillariga zid va biznes yuritish uchun jiddiy to‘siqlar yaratadi” deb hisoblaydi. Kompaniya qonunbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha oldindan ko‘rsatma olmaganini va cheklovlar sababini OAV orqali bilib olganini “Spot"ga ma’lum qildi.
“Bunday qonunga qarshi xatti-harakatlar adolatli tartibga solish tamoyillariga putur yetkazadi va moliyaviy sektor barqarorligi hamda mamlakat investitsion jozibadorligi uchun jiddiy risklarni keltirib chiqaradi. Ayni paytda „Humans“ va „Maroqand“ jamoalari xizmatni tiklash uchun yangi texnik yechim ustida faol ish olib borishmoqda”, — dedi “Humans Group” bosh direktori va asoschisi Vladimir Dobrinin.
Kompaniya regulyator amalga oshirilgan tranzaksiyalar bo‘yicha ma’lumot so‘ramaganini va “Maroqand” tomonidan hech qanday qoidabuzarliklarni ko‘rsatmagan holda qaror qabul qilganini ta’kidladi.
“Humans Group” Prezident Administratsiyasiga, Biznes-ombudsmanga, ILMAga, shuningdek, Markaziy bankka “adolatni tiklash va xizmatlarning to‘liq ishlash qobiliyatini qaytarish talabi” bilan murojaat yo‘lladi.
Markaziy bank avgust oyida 2ta bank va 1ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortgandi. Bundan tashqari, talab va qoidalarga rioya qilmagani uchun 7ta mikromoliya tashkiloti, 2ta to‘lov tizimi operatorlari hamda 27ta bank ogohlantirildi.
Sentabr oyida “Humans” o‘zining barcha fintex xizmatlarini “Humans Pay” brendi ostida birlashtirishini ma’lum qildi.