Oktabr oyi uchun pensiyalar bank kartalariga qachon tashlab berilishi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Pensiya jamg‘armasi matbuot xizmati xabar berdi.
Jamg‘armaning tuman (shahar) bo‘limlari har to‘lov oyining 2-kunigacha to‘lov topshiriqnoma (vedomost)lar shakllantiradi. Ular oyning 4-kunigacha pensiyani fuqarolarga yetkazib berish yuklangan tashkilotga taqdim etiladi.
Prezidentning 2021-yilning may oyidagi tegishli qarori bilan, pensiya to‘lovlari uchun talab etiladigan mablag‘larni jamg‘arma har oyning 5-sanasigacha pensiya oluvchilarning bank plastik kartalariga moliyalashtirilishi belgilangan.
Xalq banki tomonidan naqd shaklda pensiya oluvchilarning mablag‘lari tasdiqlangan grafiklar asosida sayyor kassalar tomonidan amalga oshiriladi. Bunda mablag‘lar har oyning 4−27 sanalarida mahalla fuqarolar yig‘ini (MFY)ga borgan holda to‘lab beriladi.
Prezidentning 12-avgustda qabul qilingan farmoni bilan, 1-sentabrdan fuqarolarning pensiya va nafaqalari miqdorlari 15%ga oshirildi.
Buning natijasida mamlakatdagi 4 mln nafardan ortiq fuqarolarning pensiyalari oshirilgan miqdorda to‘lab berilishi qayd etildi.
Xususan, pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori 428 ming so‘m, yoshga doir eng kam pensiya miqdori 834 ming so‘m hamda nogironlik pensiyalarining eng kam miqdori 920 ming so‘mni tashkil etadi.
Bundan tashqari, fuqarolarga to‘lanadigan boshqa pensiya va nafaqalarga oid ma’lumotlar bilan bu yerda tanishish mumkin.
Avvalroq O‘zbekistonda pensiya tizimini isloh qilish konsepsiyasi ishlab chiqilishi haqida xabar berilgandi. Bu bo‘yicha iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov boshchilidagi ishchi guruh tuzildi.