“Qanot Sharq” aviakompaniyasi 2-oktabr kuni Antaliyadan Toshkent xalqaro aeroportiga yetib kelgan yangi Airbus A330−200 samolyotini qabul qilib oldi. Bu haqda xususiy aviatashuvchi matbuot xizmati “Spot"ga xabar berdi.
“Planespotters.net” portaliga ko‘ra, samolyot 2011-yilda Tuluzada ishlab chiqarilgan. 2022-yilgacha samolyot “Vietnam Airlines” va “Nordwind Airlines” tomonidan ekspluatatsiya qilingan. Bortning oxirgi ekspluatanti sifatida Turkiyaning “Southwind Airlines” charter aviakompaniyasi ko‘rsatilgan.
“345 yo‘lovchi o‘rindig‘iga mo‘ljallangan Airbus A330 samolyoti talab yuqori bo‘lgan xalqaro yo‘nalishlarda parvozlarni amalga oshirishning asosiy elementi bo‘ladi. Yaqin vaqt ichida layner Turkiya, Saudiya Arabistoni, shuningdek, Tailand, Vetnam va boshqa mamlakatlar uchun yangi yo‘nalishlarga xizmat ko‘rsatadi”, — deya qayd etadi Qanot Sharq.
Ayni paytda xususiy aviakompaniyaning havo floti bor-yo‘g‘i yettita samolyotdan iborat: ikkitadan Airbus A320−200 va A321neo, shuningdek, uchta A330−200. Havo kemalarining o‘rtacha yoshi deyarli 11,5 yil.
Kelgusida “Qanot Sharq” parvozlarning yo‘nalishli tarmog‘ini kengaytirishni rejalashtirmoqda. Xususan, Varshava, Parij, Madrid, Bangkok, Bali, shuningdek, Pekin, Shanxay va boshqa shaharlarga xalqaro reyslar ochilishi belgilangan.
Avvalroq “Uzbekistan Airways” 2026-yilda ikkita Airbus A321 Neo havo kemalarini lizingga olishi haqida xabar berilgandi.