Oliy Majlis Senatining ellik sakkizinchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan “Temir yo‘l transporti to‘g‘risida"gi qonun loyihasi ma’qullandi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.

Hujjat 1999-yilda qabul qilingan amaldagi qonunni yangilashni nazarda tutadi. Unda temir yo‘l transportida bozor modelini joriy etish va tadbirkorlikni rag‘batlantirish uchun shart-sharoit yaratish ko‘zda tutilgan.

Xususan, qonunda “temir yo‘l transporti” tushunchasi qayta ko‘rib chiqilib, yangi tahrirda bayon etilmoqda. Bunda mamlakatning temir yo‘l transporti umumiy foydalanishdagi va umumiy foydalanishda bo‘lmagan temir yo‘l transportiga ajratilmoqda.

Umumiy foydalanishdagi temir yo‘l infratuzilmasidan foydalanish tartibi va infratuzilma operatori faoliyati tartibga solinadi, tashuvchilarning huquq va majburiyatlari mustahkamlanadi.

Qonun bilan temir yo‘l transportida bozor tamoyillari asosida erkin shakllantiriladigan tariflar aniq belgilanmoqda.

Unga ko‘ra, yuk vagonlarini taqdim etish, yuqori tezlikda harakatlanadigan va tezyurar poyezdlarda yo‘lovchilarni tashish xizmatlari tariflarini davlat tomonidan tartibga solish amaliyotidan voz kechilib, bozor tamoyillari asosida tartibga solish mexanizmi joriy etilmoqda.

Mahalliy yo‘nalishlarda yo‘lovchilarni tashish xizmatlarini ko‘rsatishdan ko‘rilgan zararlarni Davlat budjeti hisobidan qoplash tartibi joriy etilmoqda. Biroq, bu yuqori tezlikda harakatlanadigan va tezyurar poyezdlarda yo‘lovchilarni tashish uchun amal qilmaydi.

Shuningdek, qonunda temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishga investitsiyalarni jalb qilishning aniq yo‘nalishlari belgilanmoqda. Umumiy foydalanishdagi va umumiy foydalanishda bo‘lmagan temir yo‘llar hamda vokzallarni qurish va rekonstruksiya qilishni moliyalashtirish manbalari aniq qayd etilmoqda.

Qonun bilan temir yo‘lda davlat-xususiy sheriklik asosida loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari yaratilmoqda. Vazirlar Mahkamasi, Transport vazirligi va Transport inspeksiyasi vakolatlari aniq belgilanmoqda.

O‘zbekistonda temir yo‘l transporti sohasini isloh qilishga qaratilgan prezidentning 2023-yilning oktabridagi qarori bilan 2025-yildan mahalliy yo‘nalishlarda yo‘lovchilarni tashish xizmatlarini ko‘rsatishdan ko‘rilgan zararlar budjet hisobidan kompensatsiya qilinishi belgilangandi.