Avvalroq O‘zbekistonda turizmning yangi turlarini joriy etish hamda mamlakat turizm salohiyatidan samarali foydalanishga qaratilgan hukumat qarorida qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan, 2025-yildan turizmning yangi turlari, jumladan, sanoat, geologiya, ilmiy, harbiy hamda davlat-boshqaruv turizmi joriy etiladi.
Sanoat turizmi mahsulot ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishishga qaratilgan. Geologiya turizmida oltin va ruda kabi mineral resurslar qazib oluvchi konlar, shaxtalar, faoliyat yuritmayotgan geologik obyektlariga tashrif, tog‘ jinslarini portlatishda masofadan kuzatish hamda tog‘ releflari bo‘yicha ekskursiyalar tashkil etiladi.
Ilmiy turizmda ilmiy-tadqiqot institutlari va laboratoriyalar, observatoriyalar hamda planetariylarga tashriflar orqali fan va texnika yutuqlari bilan tanishtiriladi.
Harbiy turizm harbiy tarix va faoliyat bilan bog‘liq joylarga tashrif, yodgorliklar, harbiy xizmatchilar hayoti va sharoitlari bilan tanishish, turistlarga o‘q otish bo‘yicha pulli xizmatlar tashkil qilishni nazarda tutadi.
Shuningdek, davlat-boshqaruv turizmi siyosiy hayot, davlat organlari va tashkilotlarning tarixi, hukumat bino va inshootlariga tashrif buyurishni o‘z ichiga oladi.
Turizm qo‘mitasi tegishli obyektlarga turistik marshrutlarni yo‘lga qo‘yish va ularga mahalliy va xorijiy turistlarni jalb qilish, yangi turizm xizmatlari bo‘yicha jamoatchilikni muntazam xabardor qilib boradi.
Mudofaa vazirligiga 2025-yildan Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi Qibray sport majmuasi bazasida “Stendli otish” va o‘qotar qurollardan otishni pulli asosida yo‘lga qo‘yishga ruxsat beriladi.
Shu bilan birga, vazirlik turistlarni “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi, “Shon-sharaf”, “Qurolli Kuchlar” davlat muzeylari va hududlardagi “Vatanparvarlar” bog‘larida harbiy texnika va qurol-aslahalar bilan bevosita tanishtirishi mumkin.
2025-yilning 1-oktabridan Samarqand xalqaro aeroportida “Tourist map” interaktiv portali sinov tariqasida ishga tushiriladi. Portal aeroport, temir yo‘l vokzallari, avtovokzallar, tarixiy, madaniy, ko‘ngilochar hamda ovqatlanish kabi joylar, ularga yetib borish marshrutlari haqida ma’lumot beradi.
Shu bilan birga, unda aholi va turistlarning sayohat qilish muddati va qiziqishidan kelib chiqib, sayohat rejasini tuzish va QR-kod orqali mobil qurilmaga o‘tkazib olish imkoniyati yaratiladi. Unda turistlar oqimi yuqori bo‘lgan davlatlar tillarida axborot berilib, tegishli hudud xaritasi keltiriladi.
Raqamli texnologiyalar vazirligiga bir oy ichida sinov vaqtida turistlarga bir oy faol bo‘luvchi turistik sim-kartalarni taqdim etish topshirildi. Ular aeroport, temir yo‘l vokzallari hamda chegara o‘tish punktlarida mobil aloqa operatorlari tomonidan bepul beriladi.
Turizm qo‘mitasiga Raqamli texnologiyalar vazirligi va Transport vazirligi bilan 2025-yilning 1-oktabrigacha “Tourist map” portalini yaratish ishlarini yakunlash, uning atrofida bepul Wi-Fi zonalarini tashkil etish hamda mobil ilovasini ishga tushirish vazifasi yuklatildi.
Tajriba yakunlari bo‘yicha portalni mamlakatning boshqa aeroport, temir yo‘l vokzallari, avtovokzallarida ishga tushirish yuzasidan 2026-yil 1-sentabrgacha hukumatga asoslantirilgan takliflar kiritilishi kerak.
Avvalroq sakkiz oyda O‘zbekistonga 5 mln nafardan ortiq turist tashrif buyurgani haqida xabar berilgandi. Yetakchilikni 1,47 mln nafar sayyoh bilan Tojikiston egallab turibdi.