“Uzbekistan Airways” keksa yoshdagilar uchun 15%gacha chegirma e’lon qildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Chegirma turizm oyligi doirasida 60 yoshdan yuqori erkaklar hamda 55 yoshdan yuqori ayollar uchun barcha ekonom klassdagi tariflarga amal qiladi.
Undan joriy yilning 1-noyabridan 30-noyabrigacha amalga oshiriladigan mahalliy aviaqatnovlar uchun foydalanish mumkin.
Chegirmali aviachiptalarni xarid qilishda fuqaro yonida pasporti yoki ID-kartasi bo‘lishi kerak.
Ularni “Uzbekistan Airways Sales” filialida, aviakompaniyaning O‘zbekistondagi rasmiy agentlari hamda kompaniya saytida xarid qilish mumkin.
Yo‘lovchi va yuk tashish tariflariga qo‘shimcha ravishda turli soliqlar, yig‘imlar va to‘lovlar uchun chegirma amal qilmaydi.
Avvalroq “Spot” O‘zbekistonda aviakompaniyalar Eron havo hududini aylanib ucha boshlaganiga e’tibor qaratgandi. 2-oktabr kuni Toshkent aeroportida Yaqin Sharq mamlakatlariga parvozlar kechikishi va bekor qilinishi holatlari kuzatildi.