“X.com” (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘i ikki yil avval Ilon Mask tomonidan sotib olinganidan beri o‘z qiymatining deyarli 80%ini yo‘qotdi, deya xabar bermoqda “Fidelity” investitsiya kompaniyasi o‘z hisobotida.
“X” hozirda $9,4 mlrdga baholanmoqda, bu Mask 2022-yilda platforma uchun to‘lagan $44 mlrdning beshdan bir qismini tashkil qiladi.
2022-yil boshida Mask “Twitter"ning 9,2% ulushini sotib oldi va keyin butun kompaniyani sotib olishga rozi bo‘ldi.
Bitim botlar bo‘yicha bahslar tufayli deyarli barbod bo‘ldi, biroq Mask uni o‘sha yilning oktabr oyida yakunladi.
“Fidelity” avgust oyi oxirida Xdagi o‘z ulushini atigi 4$,2 mlnga baholagan, bu iyul oyidagi bahodan 24%ga past.
Qayd etilishicha, platforma sotib olinganidan beri sakkizta eng yirik investor $24 mlrd yo‘qotdi.
Shuningdek, platformada bitimni moliyalashtirgan banklar bilan muammolar paydo bo‘ldi, bu esa kreditlarni 2008-yildan beri eng muvaffaqiyatsizlaridan biriga aylantirdi.
“X” narxining pasayishi reklama daromadlarining pasayishi bilan bog‘liq. 2023-yil iyul oyida ular deyarli yarmiga kamaydi. Mask reklama guruhini platformani boykot qilishda ayblab, sudga da’vo qildi.
“Mask bu aktiv uchun ortiqcha to‘lagani aniq”, — deya izoh berdi “Wedbush Securities” tahlilchisi Den Ives.
Uning so‘zlariga ko‘ra, xarid vaqtida “Twitter"ning haqiqiy qiymati taxminan $30 mlrdni tashkil etgan bo‘lsa, hozirda u taxminan $15 mlrdni tashkil etadi.
Muammolarga qaramay, platforma mashhurlikka erishishda davom etmoqda. Mask sentabr oyi boshida milliardga yaqin foydalanuvchi ilovadan faol foydalanayotganini aytdi.