Taras Shevchenko ko‘chasidagi gastronomik alleyani barpo etish bo‘yicha ishlarning birinchi bosqichini yakunlash muddati 10-oktabrga ko‘chirildi. Bu haqda Mirobod tumani hokimligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda mazkur loyihaning birinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha ishlar ko‘lami yakuniy bosqichga o‘tgan.
Qayd etilishicha, ayni paytda hududda ko‘kalamzorlashtirish, ya’ni yashil zonalarni barpo etish bo‘yicha ishlar jadal davom etmoqda — alleya bo‘ylab 30 tupga yaqin manzarali daraxt ko‘chatlari ekilmoqda.
“Shu munosabat bilan Taras Shevchenko ko‘chasidagi gastronomik alleyani barpo etish bo‘yicha birinchi bosqich ishlari 10-oktabr sanasida yakunlanishini va shu sanadan ikkinchi bosqich ishlariga start berilishini ma’lum qilamiz”, — deyiladi hokimlik xabarida
Gastronomik ko‘cha bo‘ylab 6 ta foto-zona barpo etilgan, 39 ta kichik va 17 ta katta torsherlar o‘rnatilgan, 1 ta avtobus bekati qurilgan, 39 ta videokuzatuv kameralari va yuzni tanish tizimlari, 20 ta o‘rindiq va axlat qutilari o‘rnatilgan hamda Wi-Fi tarqatish tizimlari montaj qilingan.
Shuningdek, aholi va mehmonlariga qulaylik yaratish maqsadida qariyb 3000 kvadrat metr piyodalar yo‘li barpo etilib, qatnov yo‘lining asosiy qismi (2600 kvadrat metr) esa tabiiy granit toshdan terilgan.
Taras Shevchenkodagi “gastronomik” ko‘cha qurilishining birinchi bosqichini yakunlash muddati ikkinchi marta qoldirildi. Dastlab, qurilish ishlarini 1-sentabrga qadar yakunlash rejalashtirilgandi.
Biroq avgust oyi oxirida tuman hokimi Anvar Sayfutdinovning “Spot"ga ma’lum qilishicha, yo‘lning asfalt qoplamasi tabiiy granit toshga almashtirilgani sababli qurilishni yakunlash muddati 15-sentabrga ko‘chirilgan.
Toshkentda “gastronomik” ko‘cha
Joriy yilning fevralida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Toshkentda sanoat, infratuzilma va turizmni rivojlantirish bo‘yicha takliflar ma’qullanib, poytaxtda “gastronomik ko‘cha"lar tashkil etish yuzasidan topshiriqlar berilgandi.
Xususan, Yashnobod tumanidagi “Sultonali Mashhadiy” ko‘chasi poytaxtdagi birinchi “gastronomik” ko‘cha bo‘lishi ma’lum qilindi. Shu bilan birga, Mirobod tumanidagi Taras Shevchenko ko‘chasida ham ishlar boshlandi.
15-iyuldan Taras Shevchenko ko‘chasini gastronomik ko‘chaga aylantirish bo‘yicha ishlar boshlanishi kerak edi. Biroq, jarayon oradan bir hafta o‘tib, 22-iyulda boshlandi. “Spot” Mirobod tumani hokimligi bilan gastronomik ko‘cha konsepsiyasi, ochilishining keyinga qoldirilishi, unga tutash hududlar ijarasi va tadbirkorlar bilan bog‘liq zararni kompensatsiya qilish masalalari borasida suhbatlashdi.
Shuningdek, Yashnobodda uchinchi gastronomik ko‘cha tashkil etiladi. Sodiq Azimov ko‘chasi uzluksiz ishlovchi ko‘chaga aylantirilib, hududda fudtraklar, 3D monitor, bankomat va infokiosklar o‘rnatiladi.
Sergeli tumanida “gastronomik” ko‘cha barpo etish rejalashtirilmoqda. Uzluksiz faoliyat yurituvchi mazkur ko‘cha So‘g‘diyona va Jaloyir ko‘chalari kesishmasida joylashadi hamda mahalliy hokimlik va Yangi Sergeli istirohat bog‘idan boshlanib, “Fayz” mebel fabrikasida tugaydi.
Umuman, poytaxtning Mirobod, Olmazor, Chilonzor, Uchtepa, Shayxontohur, Yunusobod, Yakkasaroy va Yashnobod tumanlarida “Gastronomik turizm” va “hunarmandlar” ko‘chalarini tashkil etish belgilangan.
Avvalroq Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanidagi “Shota Rustaveli” ko‘chasida “gastronomik” ko‘cha barpo etish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.