“Hamkorbank"ning onlayn mikroqarz bo‘yicha reklamasida iste’molchilarni chalg‘ituvchi ma’lumot berilganligi aniqlandi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, bank xizmati reklamasida “Onlayn mikroqarz” — “Zudlik bilan pul kerakmi, 50 mln so‘m — Hamkor ilovasida onlayn mikroqarz rasmiylashtiring” mazmunidagi tashqi reklama joylashtirilgan.
Qo‘mita bunga bankning rasmiy sahifasida joylashtirilgan ma’lumotlar asosida aniqlik kiritdi. Unda mikroqarz bo‘yicha faqat kreditning miqdori haqida axborot berilib, reklamada kreditning qolgan muhim shartlari ko‘rsatilmagan. Bu esa foydalanuvchilarni chalg‘ituvchi yoki chalg‘itishga olib keluvchi holatni ifodalashi mumkinligi qayd etilgan.
Shundan kelib chiqib, qo‘mita Maxsus komissiyasi “Reklama to‘g‘risida"gi qonun talablari buzilish alomatlari bilan “Hamkorbank"ga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llash haqida qaror qabul qildi. Bu holatni bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha bankka ko‘rsatma berildi.
Bungacha, Raqobat qo‘mitasi “Ipotekabank"ga nisbatan ish qo‘zg‘atgandi. Undan keyin bank nomaqbul reklamaga yo‘l qo‘ygan deb topilib, jarima qo‘llandi.
Undan keyin, “AVO Bank” reklama va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish borasidagi talablarni buzgani uchun jarimaga tortildi. Bundan tashqari, “Ipak Yo‘li banki” va “Universalbank"lar ham jarimaga tortilgandi.