Arsen Dlyanchev Toshkent temir yo‘l transporti muhandislari institutida tahsil olgan. Birinchi kurs paytida u jamoasi chempion bo‘lgan akasining muvaffaqiyatlaridan ilhomlanib, QVZga qiziqa boshlaydi. Bu mashg‘ulot hayotining ajralmas qismiga aylandi va u ssenariylar yozish va QVZ o‘yinlarida qatnashishda faol bo‘ldi.

Universitetni tamomlagach, Arsenning birinchi rasmiy ish joyi Toshkent “Metroproyekt” institutida bo‘lib, u bir yarim yil davomida shu yerda ishladi. Muhandislik karyerasiga qaramay, ijodiy faoliyat Arsen uchun doim ustuvorlik qilgan. Ishdan so‘ng u QVZ bilan shug‘ullanishni davom ettirdi, asta-sekin o‘yinlarda ishtirok etishdan muharrirlik ishiga o‘tdi. QVZ Arsen uchun qiziqarli bir mashg‘ulot edi, lekin bunday ish unga unchalik ham ko‘p pul olib kelmasdi, shuning uchun ham u faoliyatini o‘zgartirdi va ancha vaqtgacha tadbirlarda boshlovchi sifatida faoliyat yuritdi.

Keyinchalik u biznesga o‘tdi va o‘zining birinchi kompaniyasiga asos soldi, u bu biznesda noyob sovg‘alarga e’tibor qaratdi. Keyinchalik, bu biznes yirik media-xoldingga aylandi, shu yerdan u “Unique Present” nomini oldi.

Arsen Dlyanchev o‘z kompaniyasining shakllanishi va rivojlanishi, bu yo‘ldagi qiyinchiliklar, daromad va yo‘qotishlar, shuningdek, event-sanoati bozorining istiqbollari haqida “Spot"ga so‘zlab berdi.

Intervyuning video-versiyasi rus tilida:


Biznes haqida

Unique Present g‘oyasi qanday paydo bo‘lgan? Loyihaga qancha miqdorda mablag‘ yo‘naltirgansiz?

Bu g‘oya 13 yil oldin paydo bo‘lgan. Uzoq vaqtdan beri chet elda yashaydigan akam o‘sha paytda esdalik sovg‘alar tushunchasi haqida gapirib bergandi, bu g‘oyaning boshlang‘ich nuqtasi bo‘ldi. Men uni do‘stim Lev bilan o‘rtoqlashganman va u ham loyihaga qo‘shilishga qaror qilgan. Biz birgalikda mazkur konsepsiyani O‘zbekiston bozoriga moslashtira boshladik.

O‘sha paytda “General Motors” O‘zbekiston bozoriga endigina kirib kelayotgan edi va ular menga ochilish marosimi uchun ssenariy yozish yuzasidan murojaat qilishdi. Ssenariy tayyor bo‘lgandan so‘ng, bizdan: “Bularning qaysi birini o‘zingiz amalga oshira olasiz?”, deya so‘rashdi. Bu sohada faoliyat yuritgan do‘stlarimiz yordami bilan biz kerakli kontaktlarni topib, loyihani qabul qildik. Shu tariqa, to‘laqonli event-kompaniyasini yaratish g‘oyasi paydo bo‘ldi.

Moliyaviy investitsiyalarga kelsak, dastlabki bosqichda loyiha bir necha ming dollarni talab qildi. O‘sha paytda men boshlovchi bo‘lib ishlar va moliyaviy muammolar qiyinchilik tug‘dirmagan, chunki uch soatlik ishimda bir oylik maoshni topardim. Ba’zan tadbirlar soni oyiga 23taga yetardi. Barcha dastlabki xarajatlarni, shu jumladan ish haqi va ijara pulini o‘z cho‘ntagimdan qoplaganman, shuning uchun ham boshlang‘ich sarmoya unchalik katta bo‘lmagan.

Sizning xoldingingiz alohida tuzilma sifatida faoliyat yuritadigan bir nechta kompaniyalarni o‘z ichiga oladi. Bu boshidan shunday ishlangan strategiyami yoki siz bunga sinov va xatolar natijasida kelganmisiz?

“Unique Present” kompaniyasining strategiyasi sinov va xatolar orqali to‘rt marta o‘zgargan va hatto hozirgi holatda ham uni yakuniy deb bo‘lmaydi. Asosiy g‘oya shundan iboratki, xodimlar karyeradagi keyingi qadamlarini ko‘rganlarida yaxshiroq ishlaydilar. Kompaniyada har qanday kichik menejer hamkor bo‘lishni o‘rganishi va shu yo‘lni bosib o‘tganlardan maslahat olishi mumkin bo‘lgan tizim ishlab chiqilgan. Bir necha o‘nlab xodimlarimiz allaqachon ishchi pozitsiyasidan o‘z kompaniyalarining hammuassislariga aylanishgan.

Bizda shunday qoida mavjud: agar siz kompaniyaga hamkor bo‘lishni xohlasangiz, yo MBA darajasiga ega bo‘lishingiz yoki shu yerda o‘qishingiz kerak. Bu bizga bir tilda so‘zlashish va bir-birimizni yaxshiroq tushunishimizga yordam beradi.

Hozirda xolding turli brendlar ostida faoliyat yurituvchi yettita event-kompaniyasini o‘z ichiga oladi. Xoldingning o‘zida esa o‘z jamoalari ega sakkizta top-menejer mavjud. Ofisimizning uchinchi qavatida tadbirlar, ijod, dizayn va buyurtmalar bo‘yicha 60ga yaqin odam ishlaydi. Xoldingdagi har bir kompaniya avtonomdir, ularning o‘z buxgalterlari, moliyachilari va transporti bor.

Bu strategiyaning kamchiliklari ham bor va ular vaqt o‘tishi bilan yuzaga chiqishi mumkin, ammo bu tashvishga arzimaydi. Hayot hamkorlardan ayrilishga ham, kompaniyalarning yopilishiga ham olib kelishi mumkin — bu jarayonning tabiiy qismidir.

arsen dlyanchev, biznes-klub, unique present media holding, ybc

Foto: Ilya Semendeyev / Spot

Biznesingizni ochganingizdan keyingi dastlabki yillarda qanday qiyinchiliklarga duch kelgansiz?

Qiyinchiliklar, albatta, bo‘lgan va bo‘ladi ham. Avvaliga: pudratchilarni qanday tanlash, muvaffaqiyatsizlik bo‘lmasligi uchun ularni qanday nazorat qilish zarurligi borasida vahima bosdi.

Biz boshlaganimizda, butun bozor “kulrang” edi. Biz birinchilardan bo‘lib hisob-kitoblarni milliy valyutaga o‘tkazishni va yakka tartibdagi tadbirkorlikni ochishni boshlaganmiz. QQS paydo bo‘lganida, biz pudratchilarga buxgalteriya hisobini to‘g‘ri yuritishga yordam berganmiz. Biznes barqarorligini ta’minlash maqsadida qonuniy bozorni shakllantirish ustida qattiq ishlaganmiz.

Bugungi kunda O‘zbekistondagi event-bozorining 99%i shaffof ishlaydi, garchi estrada yulduzlarining ayrimlari gonorarni naqd pulda olishni ma’qul ko‘rishsa ham. Ammo bu amaliyot ham asta-sekinlik bilan yo‘qolib bormoqda.

Siz har qanday tadbir uchun kurashasizmi?

Yo‘q albatta. Bu mantiqqa ham to‘g‘ri kelmaydi. Hamma ham bizga buyurtma berishga qodir emas, bu bizning xizmatlarimiz eng qimmati ekanligini anglatmaydi. Shunchaki, bizning xodimlarimiz qimmat. Kompaniyamizda 13 yildan buyon buzilmay kelayotgan ikkita tamoyil mavjud: biz duch kelgan mijozlar bilan ishlamaymiz.

O‘tgan yillar davomida qancha tadbir o‘tkazganingizni hech hisoblaganmisiz?

Qandaydir barqaror oqimga erishganimizda, yiliga 500ga yaqin tadbir o‘tkazganmiz. Ammo har yili har xil. Masalan, mart oyida aqlbovar qilmas darajada ko‘p, ya’ni 72ta tadbir o‘tkazdik. Shuni ham ta’kidlash kerak-ki, biz faqat ovoz va yorug‘lik qo‘yish bilan kifoyalanmasdan, balki konsepsiyani ham ta’minlasak, tadbirni mukammal deb hisoblaymiz.

Odatda, tadbirkorlar o‘zlarining asosiy faoliyati bilan bog‘liq loyihalarni ochadilar. Ammo sizning kompaniyalaringiz butunlay boshqacha: dizayn agentligi, konsalting kompaniyasi, klining. Bu fokusning tarqab ketishiga olib kelmaydimi?

Buni, albatta, defokus deb atash mumkin. Albatta, ba’zi kompaniyalar ambitsiyalar tufayli paydo bo‘lgan — o‘zimni yangi sohalarda sinab ko‘rishni xohlaganman. Boshqalari esa vaziyatlar sabab paydo bo‘ldi. Masalan, klining kompaniyasi pandemiya paytida, ko‘plab loyihalarimiz to‘xtab qolgan va biz pul ishlashimiz kerak bo‘lgan davrda ochilgan. Biroq, dizayn, video, prodakshn haqida gapiradigan bo‘lsak, bularning barchasi xoldingimiz va tashkil etayotgan tadbirlarimiz bilan chambarchas bog‘liq.

Bir nechta biznes bilan shug‘ullanish qiyin, ayniqsa men kabi biznesga ishtiyoqli boshqaruvchi hamkoringiz bo‘lmasa. Agar shunday hamkor bo‘lsa, unda hech qanday muammo bo‘lmaydi va biznes rivojlanadi. Biroq, bizda katta e’tibor talab qiluvchi kompaniyalar bor va men ularni boshqarishda ishtirok etishimga to‘g‘ri kelmoqda. Bu esa oson emas.

Sizda tadbir tashkil etish narxi qancha turadi?

Bizning xolding tarkibida 10 mln so‘mlik tadbir tashkil eta oladigan event-kompaniyasi mavjud. Agar gap xolding va uning yetakchi jamoalari haqida boradigan bo‘lsa, o‘rtacha chek 350−500 mln so‘mni tashkil etadi. Masalan, hozirda $5 mlnlik tadbir uchun shartnoma qilganmiz.

Albatta, ko‘p narsa mijozga bog‘liq. Bizda 1 mlrd so‘mga, ertasiga esa 70 mln so‘mga tadbirga buyurtma beradiganlar bor. Agar doimiy mijozlarimiz unchalik katta bo‘lmagan nimadir tashkil qilish so‘rovi bilan kelsa, biz uni rad etmaymiz.

Ishingiz uchun pul to‘lanmagan vaziyatga duch kelganmisiz?

Ha, bizda davlat tashkiloti uchun shoshilinch tashkil etilishi kerak bo‘lgan yirik tadbir bilan bog‘liq holat bo‘lgan. Biroq, bizda aylanma mablag‘ yo‘q edi va ular bizga qarz bergan uchinchi tashkilotni topishgan. To‘lovni olganimizdan keyin qarzni yopamiz deb taxmin qilingandik, lekin oxir-oqibatda hech kim pul bermagan. Bundan tashqari, qarz oluvchi tashkilotda rahbar o‘zgarishi sabab barcha mablag‘larni qaytarishni talab qilishgan. Natijada bizda hech narsasiz qoldik va hech narsani isbotlay olmasdik, hatto sudda ham.

Yana bir holat: davlat korxonasiga shartnoma summasi 5 mlrd so‘mni tashkil etgan tadbir tashkil qilgamiz. Ammo oradan olti oy o‘tib bizga bor-yo‘g‘i 2,5 mlrd so‘m to‘lashgan. Keyin qo‘ng‘iroq qilishib, xuddi-ki to‘lovni soddalashtirish maqsadida shartnomaning har birini 2,5 mlrd so‘mdan etib, ikkiga bo‘lishni taklif qilishdi. Lekin qo‘limizda na birinchi, na ikkinchi hujjat bor edi. Tushundikki, agar rad etsak, ular bankka xat jo‘natib, xatolik sabab bo‘lganini ro‘kach qilib pulni qaytarishni talab qilishlari mumkin edi. Oxiri rozi bo‘ldik, shartnomaning birinchi qismini imzoladik, ikkinchi qismini topshirishdi, ammo qolgan 2,5 mlrd so‘m to‘lanmay qoldi. Va biz hech narsa qila olmadik.

Yosh event-kompaniyalari shu kabi holatlarga tushib qolmasliklari uchun men buni ochiq aytyapman. Biz hatto $1 mln yo‘qotishdan ham omon qolishimiz mumkin, ammo $100 ming yo‘qotish natijasida bankrotlikka tushib qolishi mumkin bo‘lgan kompaniyalar bor.

arsen dlyanchev, biznes-klub, unique present media holding, ybc

Foto: Ilya Semendeyev / Spot

Sizda uchta bankrotlik holati yuz bergan. Ayting-chi, bu qanday sodir bo‘lgan?

Bu judayam uzun va oddiy bo‘lmagan hikoya. Birinchi bankrotlik men hali kompaniyaning egasi emasligimda sodir bo‘ldi. O‘shanda men direktor bo‘lganman va biz elektronika mahsulotlarini sotish bilan shug‘ullanardik. Bir payt kompaniya egasi Moskvaga akasining yubileyiga ketdi va bir-ikki kundan keyin savdo menejeri menga qo‘ng‘iroq qilib, soliq organlari meni qidirishayotganini aytdi. Boshida buni hazil deb o‘yladim, lekin tezda vaziyat jiddiy ekanligini angladim. Hammamizni so‘rovga chaqirishdi, kechasi do‘konga qaytganimizda esa u yerda yuk mashinasi turardi, ular barcha mol-mulkni musodara qilishdi. Hech kim hech narsani tushuntirmasdi. Bunga ham 13 yil bo‘libdi.

Birinchi hayolimga kelgan o‘y, boshliq buni bila turib, hech kimga hech narsa aytmay chiqib ketgan. Rasmiy sabab sotuvga qo‘yilgan tovarlarning norasmiy ravishda olib kirilgani bo‘lgan. Butun do‘kon musodara qilindi va men ishsiz va $39 ming qarz bilan qoldim.

Asl sababini bir-ikki yil o‘tgachgina bilganman. Aytishlaricha, bino egasi nufuzli odamlar bilan konfliktga kelib qolgan va ular uni jazolashga qaror qilishgan, ammo oxir-oqibat biz, ijarachilar jabr ko‘rdik. Bizga hech narsa qaytarilmadi, ishsiz, qarzga botib qoldik. Bu nihoyatda qiyin davr edi.

Ikkinchi martasida esa bankrotlikdan ko‘ra ko‘proq inqiroz bo‘lgan. Bu kassaviy bo‘shliq bilan bog‘liq edi. Biz binoni bankdan bo‘lib to‘lashga sotib olgandik. O‘sha paytda hamma narsa yaxshi ketayotgandi va biz butun binoni kapital ta’mirlashga qaror qildik. Hisobda yetarlicha mablag‘ bor deb o‘yladim, lekin ikki hafta o‘tgach, moliyachimiz hisobdagi barcha mablag‘, ya’ni taxminan 150 mln so‘m tugaganini aytdi. Biz esa faqat binoni buzib, derazalarni buyurtma qilishga ulgurgandik, xolos. Natijada biz xodimlarning maoshini kechiktirishga, ularning sonini qisqartirishga majbur bo‘ldik va o‘z majburiyatlarimizni arang bajara oldik. Bu biz tom ma’noda omon qolgan dahshatli davr edi.

Uchinchi keys — pandemiya. Karantinning eng qiyin joyi shundaki, uning qachon tugashini hech kim bilmasdi. Mening o‘zimdan katta, ko‘p inqirozlarni boshidan kechirgan do‘stim bor. Karantin paytida u menga shunday degan: “Odamlarni bo‘shat. Sen bu vaziyatni hal qila olmaysan”. Ikki oy ish haqini 100%, yana yetti oy yarmini to‘ladik. $75 mingga olgan avtomobilimni, uyim, dala hovli va hokazolarni sotdim. Eng yomoni, mart oyida bizga karantin haqida xabar berishdi. Bir hafta oldin bizda $500 minglik bir nechta tadbirlar kelishilgandi va biz barcha pullarni qaytarishga majbur bo‘ldik, chunki hamma narsa bekor qilingandi.

Hammasi tugagach, bir kishidan boshqa barcha top-menejerlar biz bilan qolishdi va bu odamni xursand qiladi. Endi biz xavfsizlik yostig‘ini yaratish haqida o‘ylashimiz kerak.

Bozorning event-kompaniyalari bilan to‘yinganligini qanday baholaysiz? Bozorda raqobat qanchalik kuchli?

Barchasi nisbiy. Aslida, bozor hajmini hisoblash juda qiyin. Biz Toshkentda ishlasak-da tadbirlarni mamlakat bo‘ylab tashkillashtiramiz. Mijozlarni sifatli tadbirlarga buyurtma berishga o‘rgatish uchun bizga butun mamlakat bo‘ylab event-kompaniyalari kerak. Hozirgi kunda esa tadbirlar ko‘pincha yordamchilar, kotiblar, ofis-menejerlari yoki hatto biznes egalarining turmush o‘rtoqlari tomonidan tashkil etiladi. Ular buni ko‘proq intuitiv ravishda qilishadi.

Raqobat haqida gapiradigan bo‘lsak, u unchalik ham kuchli emas. Biz vaqti-vaqti bilan tenderlarda ko‘radigan event-kompaniyalarining juda ham cheklangan doirasi mavjud. Bu 10ta kompaniyadan oshmaydi. Ba’zilari bilan yiliga bir marta, boshqalari bilan tez-tez ko‘rishib turamiz. Biz barchaning kuchli va zaif tomonlarini bilamiz. U yoki bu tarzda davlat buyurtmalariga xizmat ko‘rsatadigan biz bilan birga yana ikkita event-kompaniya bor. Ba’zan ular qisqa vaqt ichida amalga oshirish kerak bo‘lgan katta hajmdagi ishlarni berishadi, shunda bu bitta event-kompaniyasi uchun qiyin bo‘lishi mumkin. O‘shanda biz kuchlarni birlashtiramiz.

Hozirda bu industriyada qanday tendensiyalarni ko‘ryapsiz?

Menimcha, odamlar faqat ma’lumotlar bazasi uchun pul to‘lagan kunlar allaqachon o‘tib ketgan. Avvallari u shunday ishlagan: tadbir tashkil qilish uchun menejerga murojaat qildingiz va u ekran, chiroq, ovoz, boshlovchi va hokazolar kerakligini aytardi. Kompaniya o‘z kontaktlari orqali qo‘ng‘iroq qilar, ular uskunalar olib kelishar, tashkilotchilar esa o‘z ustamalarini qo‘yib, buning uchun pul olishardi. Bu ijara biznesining bir turi edi.

Hamma narsa o‘zgarmoqda. O‘ylaymanki, hozirda kompaniyalar ijodkorlik, rejissorlik qobiliyati, chiroqlarni o‘rnatish, ovoz, umuman, barchasini uyg‘unlikda bajara olganlik uchun to‘laydilar. G‘oya uchun to‘laydilar.

arsen dlyanchev, biznes-klub, unique present media holding, ybc

Foto: Ilya Semendeyev / Spot

Yaqin kelajak va uzoq muddatli istiqbolda qanday rejalaringiz bor?

Masshtabni kengaytirish va tashqi bozorlarga chiqish. Biz Rossiya, Qozog‘iston va Dubayda tadbirlar tashkillashtirishni boshlaganmiz. Lekin biz u yerda hali doimiy faoliyat yuritmayapmiz. Biroq, biz tashqi bozorlarga kengayishda Qozog‘istonni ko‘rib chiqyapmiz. Bu logistika va xarajatlar nuqtayi nazaridan ancha sodda bo‘lgani uchun tanlangan. Masalan, agar biz yetti-sakkiz kishidan iborat jamoa haqida gapiradigan bo‘lsak, jamoani Dubayga olib borish oyiga taxminan $30−40 mingni tashkil etadi.

YBC haqida

O‘zbekistonda biznes-klub tashkil etish g‘oyasi qanday paydo bo‘lgan?

Ikki-uch yil avval O‘zbekistonga yirik xalqaro biznes klublari qiziqish bildira boshladi. Biz turli klublar, jumladan, “Birinchilar klubi”, “Club 500”, shuningdek, Ukrainaning “Young Business Club” klubi bilan muloqot qilganmiz. Ukrainalik yoshlar O‘zbekistonda filial ochishimizni taklif qilishdi. Ular bilan bog‘lanib, hamkorlikka kelishib, ish boshladik. Ammo o‘shanda sodir bo‘lgan voqealar tufayli klub O‘zbekistondagi faoliyatini to‘liq boshlay olmadi.

Bir yil o‘tgach, rebrending zarurati yuzaga chiqdi. Gap shundaki, asosiy klub ukrain tiliga o‘tdi va biz 18 davlat ichidan rus tilida ishlashda davom etgan yagona klub bo‘lib qoldik. Bizdan do‘stona tarzda nomni o‘zgartirishimizni so‘rashdi, biz yaxshi munosabatlarni saqlab qolish maqsadida bunga rozi bo‘ldik. Shundan buyon biz “Yard Business Club” deb nomlanamiz — “YBC” qisqartmasini saqlab qolishni xohlaganmiz. May oyida klub ikki yoshga to‘ldi.

Ukraina klubiga kelsak, biz hamon aloqadamiz va hamkorlik qilamiz. Agar bizda yoki ularda O‘zbekiston yoki Ukrainada biznes bilan bog‘liq savollar bo‘lsa, bir-birimizga murojaat qilishimiz mumkin. Lekin qonuniy jihatdan biz bir uyushmaning bir qismi emasmiz.

Klubingizga a’zo bo‘lish uchun qanday shartlar bajarilishi kerak? Yuqori aylanmadan tashqari, qo‘shimcha talablar bormi?

Bizda belgilangan algoritm mavjud. Avvalo, shaxsiy tanishuv muhim ahamiyatga ega. Biz nomzodlardan o‘zlari haqida so‘zlab berishlarini so‘raymiz va biz hamklubimiz haqida taqdimot qilamiz. Klubimiz shunchaki pul to‘lab, nimanidir o‘rgatishni kutishadigan yoki ko‘ngil ochadigan joy emas. Bu butun bir infratuzilma, umumiy maqsadlarga ega odamlar guruhi bo‘lib, unda ham o‘rganish, ham bilim almashish imkoniyati mavjud. Chunki bizga turli maqsadlarga ega odamlar kelishadi: kimdir allaqachon ko‘p narsaga erishgan va ko‘proq berishni xohlaydi. Muloqot olib boramiz, qadriyatlarimiz bir-biriga mos kelish-kelmasligini ko‘ramiz va shundan keyingina klubimizga taklif qilamiz.

Avvalo yangi a’zo olti oy davomida kandidatlik a’zoligi uchun to‘laydi. Bu vaqt klubning insonga qanchalik foydali yoki buning aksi ekanligini anglash uchun kerak. Shundan so‘ng klubga to‘liq qo‘shilish haqida qaror qabul qilinadi. Kandidatlik muddati tugagandan so‘ng, marosim o‘tkazilib, tadbirkor klub rezidenti bo‘ladi hamda keyingi yil uchun a’zolik badalini to‘laydi. Bu olti oylik bosqich, yoshi va biznes hajmidan qat’i nazar, hamma uchun majburiydir. Asosiysi, bu jamiyat nima uchun kerakligi va undan nimani olishni xohlayotganingizni aniq tushunishingizdir.

Bugungi kunda klubingizda nechta a’zo bor? Rezidentlik qancha turadi va bu mablag‘lar nimaga sarflanadi?

Klubimizda 150ga yaqin rezident mavjud. Klub transformatsiya qilindi: ilgari u “Young Business Club” deb nomlanganligi sababli, yosh chegarasi 45 yoshgacha, minimal aylanmasi esa yiliga $300 ming bo‘lishi kerak edi. Vaqt o‘tishi bilan, bizga jiddiyroq rezidentlar kela boshlagach, yangi gradatsiyalarni kiritdik. Hozirda bizda uchta toifa mavjud:

  • $300 mingdan $1 mlngacha;
  • $1 mlndan $10 mlngacha;
  • $10 mln va undan yuqori.

Ayni paytda barcha klub a’zolarining taxminan 17%i $10 mln va undan yuqori aylanmaga ega.

To‘lovlarga kelsak, bu toifasiga bog‘liq. Bu birinchi toifa uchun yiliga — $3 ming, ikkinchisi uchun — $5 ming, uchinchisi uchun — $9 ming.

Klub har oyda taxminan 12tacha, ba’zan 16tagacha tadbirlarni tashkillashtiradi. Biz joylarni ijaraga olamiz, keytringni ta’minlaymiz va tashkilotchilar hamda qo‘llab-quvvatlovchi jamoa ishi uchun haq to‘laymiz. Mablag‘larning katta qismi xodimlarga maosh berish, binolarni ijaraga olish va tadbirlarni tashkillashtirishga sarflanadi.

arsen dlyanchev, biznes-klub, unique present media holding, ybc

Foto: Ilya Semendeyev / Spot

Arizalarni tez-tez rad etish holatlari bo‘lib turadimi?

Ha. Tashkil etilganimizdan beri biz 1000dan ortiq nomzodlarga rad javobini berganmiz. Biroq, biz aylanmasi yiliga $300 minggacha bo‘lganlar uchun yangi klub ochyapmiz. Bu g‘oya qadriyatlarimiz va boshqa mezonlarimizga to‘liq mos keluvchi, ammo aylanmasi jihatidan biroz talabga javob bermaydigan nomzodlar mavjudligi ortidan paydo bo‘ldi. Biz ular uchun “Boost Business Club” deb nomlangan alohida maydon yaratishga qaror qilganmiz.

Rezidentlik biznes nuqtayi nazaridan nima beradi?

Birinchidan, bizda, biznesmenlarda vizual tajriva paydo bo‘ladi. O‘zbekistonda odamlar qanday qilib pul topishlarini bilish doim qiziq bo‘lgan. Axir, internetda ko‘plab kanallar mavjud, ularda kutilmaganda boshqa mamlakatda muvaffaqiyat qozongan noodatiy bizneslar haqida so‘zlab beradilar. Bu qiziq, lekin buning bizga qanday bog‘liq jihati bo‘lishi har doim ham aniq emas. Biroq, O‘zbekistondagi tadbirkorlar bilan bir xil sharoitda, bir xil soliq yuki va muammolari bilan muvaffaqiyatli pul topishga erishgan odamlar paydo bo‘lganda, bu haqiqatan ham hayratlantirib, ilhomlantiradi.

Ikkinchisi — netvorking. Masalan, ikki nafar rezidentimiz uchrashib, uch oy o‘tgandan keyin qo‘shma tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishdi, to‘rtinchi oyda esa ularning aylanmasi 1 mlrd so‘mni tashkil etdi. Bu ajoyib! Kimdir buni juda katta raqam deb aytsa, yana kimdir shunchaki ularning jasoratiga qoyil qoladi. Axir, biznesda ham hayotda bo‘lgani kabi, barchasi har doim ham birinchi urinishdayoq o‘xshamaydi. Bu odamlar bir-birlariga qimmatli maslahatlar bilan yordam berishadi va qayta-qayta urinishdan cho‘chimaydilar. Muvaffaqiyat aynan mana shu — muvaffaqiyatsizlikdan keyin taslim bo‘lmaslik qobiliyatida.

Uchinchidan, ta’lim, shaxsiy o‘sish va tajriba almashish demakdir. Turli xil biznes faoliyati bilan bir qatorda, biz o‘rganish va o‘z-o‘zini rivojlantirish uchun imkoniyatlar yaratishga alohida e’tibor beramiz. Biz yillar davomida to‘plangan tajribalari va insaytlari bilan o‘rtoqlashadigan boshqaruvchilar va muvaffaqiyatli kompaniyalar egalari bilan maxsus uchrashuvlar tashkil qilamiz. Mazkur uchrashuvlar ularga o‘z loyihalarida qo‘llashi mumkin bo‘lgan amaliy bilimlarni olishga yordam beradi.

Shuningdek, biz tez-tez mamlakat tashqarisida retritlarni o‘tkazamiz. Chunki bizning O‘zbekistondagi klubimiz Yevropa, AQSh va MDH davlatlarining 40ta shahrida o‘z vakili bo‘lgan global biznes-klublar alyansi (rus tilida) tarkibiga kiradi. Biz yiliga ikki marta yirik uchrashuvlarda yig‘ilamiz va bu har doim turli mamlakatlardan tadbirkorlar ishtirok etadigan katta tadbirdir.