“Uzum” kompaniyasining Strategiya va biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktori Nikolay Seleznyov “Forbes.kz” nashriga bergan intervyusida kompaniyaning rivojlanishi, fintex bozoridagi strategiyasi va B2B yo‘nalishidagi natijalari haqida so‘zlab berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “Uzum” bugungi kunda nafaqat muvaffaqiyatli ekotizim, balki O‘zbekistonning raqamli iqtisodiyotida yetakchi bo‘lishga intilayotgan ambitsiyali o‘yinchidir. Seleznyov, “Uzum"ning transchegaraviy savdodan ko‘ra mahalliy elektron tijoratga e’tibor qaratganini va bu muvaffaqiyat keltirganini ta’kidladi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, kompaniya foydalanuvchilar va tadbirkorlarning ehtiyojlariga e’tibor qaratgan holda o‘zining fintex mahsulotlarini faol rivojlantirmoqda. “Uzum” mahsulotlari nafaqat moliyaviy operatsiyalarni soddalashtiradi, balki ularni butun mamlakat bo‘ylab keng auditoriya uchun ochiq qiladi.
“„Uzum Bank“ uzoq vaqtdan beri bozorda faoliyat yuritib kelayotgan to‘lov tashkilotlari bilan raqobatlashib, p2p o‘tkazmalari bo‘yicha yetakchilardan biriga aylandi. Xaridlar uchun bo‘lib to‘lashni taqdim etuvchi mahsulotimiz „Uzum Nasiya“ ham bozorda birinchi o‘rinni egalladi va biz B2C segmentida (mijoz uchun biznes — „Spot“ izohi) garovsiz kreditlashni yanada rivojlantirishda ulkan salohiyatni ko‘ryapmiz”, — dedi Seleznyov.
Strategik direktor B2B yo‘nalishi haqida gapirar ekan, “Uzum Business” butun mamlakat bo‘ylab o‘n minglab tadbirkorlar uchun muhim vositaga aylanganini ta’kidladi.
Top-menejer “Yaqin 2−3 yil ichida „Uzum“” xalqaro kapital bozorlariga chiqishni rejalashtirayotganini, uning fikricha, bu O‘zbekistonning jahon miqyosidagi nufuzini oshirishini ta’kidladi. Bugungi kunda kompaniya qiymati $1 mlrddan ortiq bo‘lgan mamlakatdagi birinchi texnologik “yakkashox"ga aylandi.
Avvalroq joriy yilning birinchi yarmida “Uzum Market” o‘z aylanmasini 4 barobarga oshirgani haqida xabar berilgandi.