Prezidentning ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida ochiqlikni ta’minlash hamda boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmoni qabul qilindi.

Unga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan maishiy chiqindilarni yig‘ish tizimiga bir qator o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Ular xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, shaffoflik va jamoatchilik nazoratini ta’minlash, aholi va tadbirkorlar o‘rtasida fikr almashishni tashkil etishga qaratilgan.

Chiqindilar bilan bog‘liq xizmatlarni tadbirkorlarga berish yuzasidan o‘tkaziladigan tender jarayonini onlayn kuzatish imkoniyatini yaratiladi.

Shuningdek, chiqindilarni yig‘ish punktlarida real vaqt rejimida monitoring qilish imkoniyatiga ega videokameralar, chiqindilarni olib chiqishda foydalaniladigan avtomobillarga onlayn kuzatuv (GPS) tizimi o‘rnatiladi.

Bundan tashqari, sanitar tozalash korxonalari to‘g‘risida to‘liq ma’lumot berish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati va ko‘lami bo‘yicha shikoyatlarni qabul qilish hamda sanitar tozalash korxonalari bilan qayta aloqa qilish uchun “Call markaz” faoliyatini yo‘lga qo‘yiladi.

Tozalash inshootlari xizmat ko‘rsatadigan hududlarning geografik chegaralari belgilanadi. Maxsus platformada chiqindilarni yig‘ish punktlari va ularni olib chiqish jadvali haqida ma’lumot beriladi.

Farmon bilan chiqindilar bilan ishlash masalalarida aholi va sanitar tozalash korxonalari o‘rtasida bog‘lovchi bo‘g‘in sifatida Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi negizida Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tashkil etiladi.

Agentlik chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida yagona me’yorlar va standartlarni ishlab chiquvchi, sinovdan o‘tkazuvchi va amaliyotga tatbiq etuvchi, ushbu yo‘nalishdagi faoliyatni muvofiqlashtiruvchi hamda chiqindilarni boshqarish sohasiga taalluqli davlat mulkini boshqaruvchi mas’ul davlat organi hisoblanadi.

2025-yil 1-martdan sanitar tozalash korxonalari faoliyatining asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlarini aniqlash mezonlari tasdiqlanadi.


Avvalroq “Spot” Xitoy kompaniyasi Andijonda chiqindidan elektr energiyasi ishlab chiqarishi haqida yozgandi.

Loyiha qiymati $250 mlnni tashkil etib, qurilish ishlarini joriy yilning oktabrida boshlash rejalashtirilmoqda.