Avvalroq mamlakatda agrosanoat sohasiga yangi bozor mexanizmlarini joriy etish, sanoatlashgan bog‘ va tokzorlarni barpo qilishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan, 2025-yildan O‘zbekiston kafolati ostida jalb qilingan xorijiy kreditlar hisobidan yangi issiqxonalarni tashkil etish hamda maydoni 1 gektar va undan yuqori bo‘lgan yangi bog‘lar barpo etishga texnik-iqtisodiy asoslari mavjud bo‘lsa va Agrosanoatni rivojlantirish agentligining ijobiy xulosasi berilganda ruxsat etiladi.
Shu bilan birga, kelasi yildan boshlab yangi bog‘larni barpo etishda xorijdan payvandtagli mevali ko‘chatlar va payvandtaglar, payvandustlari, onalik materiallari va texnikalarni import qilishda qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona bojlaridan ozod etilgan tovarlar ro‘yxati tasdiqlandi.
Unda quyidagi tovarlar mavjud:
- piyozboshlar, tuganaklar, tuganaksimon ildizlar, tuganak piyozlar, ildizpoyalar;
- ko‘chat va boshqa tirik o‘simliklar (shu jumladan, ularning ildizlari), qalamchalar va parxishlar;
- temir yoki po‘latdan elektr izolyatsiyalanmagan simlar, troslar, arqonlar, buralgan simlar, stroplar va shunga o‘xshash buyumlar;
- bog‘ shpalerlarini mustahkamlash uchun temir ankerlar;
- yog‘och shpalerlar;
- shpalerlar (temir);
- tuproqni tayyorlash va qayta ishlov berish uchun qishloq xo‘jaligi, bog‘dorchilik yoki o‘rmon xo‘jaligi mashinalari va pluglar;
- diskli boronalar;
- yer yumshatkichlar va kultivatorlar;
- boronalar;
- tuproqni ishlov berish uchun frezalar;
- organik va noorganik o‘g‘itlarni purkovchi va taqsimlovchi moslamalar, ekish va ko‘chat o‘tqazish mashinalari, boshqa mashinalar;
- qishloq xo‘jaligi ishlari uchun traktorlar (bir o‘qli traktorlardan tashqari).
Bundan tashqari, Agrosanoatni rivojlantirish agentligi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishni sanoatlashtirish, mevali bog‘ va uzumzorlarni tayyor holda barpo etish hamda ularni tashabbuskorlarga sotish choralarini ko‘rish bilan shug‘ullanadi. Yangi bog‘ va tokzorlar oralariga qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekilishini va ulardan samarali foydalanilishini tashkil etadi.
Sohada “daladan dasturxongacha” tamoyili asosida qo‘shilgan qiymat zanjirini joriy qilish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportiga ko‘maklashish, meva va uzum mahsulotlarini yetishtiruvchilarni rivojlantirish hamda xalqaro standart talablarini joriy etishga ko‘maklashish ham agentlik vazifalaridan biriga kiradi.
Malakali agronomlar va import qilishda bojxona bojlaridan ozod etiladigan mevali ko‘chatlar va payvandtaglar, payvandustlari, onalik materiallari ro‘yxati, balli baholash tizimi bo‘yicha mevachilik va uzumchilik mahsulotlari yetishtiruvchilar reytingi e’lon qilib boriladi.
Agentlik meva va uzum navlarining milliy brendlarini yaratish choralarini ko‘radi, meva va uzum mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash, milliy brendlarni targ‘ib qilish, xorijiy mutaxassislarni jalb etish, tashqi bozorlarga chiqish, eksport geografiyasi va mahsulot turlarini kengaytirish bo‘yicha marketing tadqiqotlarini o‘tkazadi.
Fermer va dehqon xo‘jaliklariga hamda tadbirkorlarga ko‘maklashish maqsadida agentlik veb-saytida yangi bog‘larni barpo etish maqsadidagi ochiq elektron tanlovlar tashkil etiladi.
19-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyevga ko‘rsatiligan qishloq xo‘jaligidagi islohotlarga oid taqdimotda mevali bog‘lar, jumladan, uzumzor va olmazorlar barpo etishning yangi tizimi joriy etilishi haqida gap borgandi.
Undan keyin hududlarda ipoteka bog‘lari yaratilib, besh yilga bo‘lib to‘lash sharti asosida lizingga berilishi ma’lum qilindi. Bog‘ yaratmoqchi bo‘layotgan tadbirkorlarga yerni arzon krediti va tayyor loyihasi bilan birga beruvchi tizim yaratiladi.