5-oktabr kuni prezident tomonidan imzolangan qonun bilan ayrim kodekslarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Xususan, Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga kiritilgan o‘zgarishlar bilan giyohvandlik vositalari, ularning analoglarini yoki psixotrop moddalarni telekommunikatsiya tarmoqlari va internet orqali qonunga qarshi muomalaga kiritganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda.
Shu bilan birga, bu jinoyatlarni voyaga yetmaganlar ishtirokida sodir etganlik uchun ham javobgarlik choralari kuchaytiriladi. Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni, kuchli ta’sir qiluvchi va zaharli moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay, noqonuniy olganlik, saqlaganlik, tashiganlik yoki jo‘natganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.
Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, ularni noqonuniy tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki jo‘natish harakatlari uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilsa, jazo choralarini qo‘llash belgilandi.
Buning uchun BHMning 50 baravari — 18,75 mln so‘mgacha miqdorda jarima (hozirda BHM — 375 ming so‘m) qo‘llanilishi, 360 soatgacha majburiy jamoat hamda 3 yilgacha axloq tuzatish ishlariga jalb etilishi mumkin.
Shu bilan birga, 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash, 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish choralaridan biri qo‘llaniladi. Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Joriy yilning mart oyi oxirida Senat “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartirish kiritishga oid qonun loyihasini ko‘rib chiqqandi.