Joriy yilning oktabr oyi uchun pensiya to‘lovlarini naqdsiz shaklda oluvchilarga mablag‘lar to‘liq tashlab berildi. Bu haqda Pensiya jamg‘armasi matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, to‘lov ro‘yxatlariga kiritilgan 4,1 mln nafar pensiya oluvchilar uchun talab etilgan mablag‘lar banklarga moliyalashtirilib berildi. Shundan 3,2 mln nafar (79%i) pensiya oluvchi fuqarolarning bank kartalariga mablag‘lar to‘liq o‘tkazilgan.
Pensiya pullarini naqd shaklda oluvchilarga mablag‘lar 4-oktabrdan boshlab tasdiqlangan grafik asosida yetkazib beriladi. Jarayon “Xalq banki"ning sayyor kassalari tomonidan amalga oshiriladi.
Avvalroq joriy oy uchun pensiyalar bank kartalariga qachon tashlab berilishi ma’lum bo‘lgandi. Jamg‘armaning hududiy bo‘limlari har oyning 2-kunigacha vedomostlarni shakllantiradi. Ular oyning 4-kunigacha fuqarolarga yetkazib berish yuklangan tashkilotga taqdim etiladi.
Prezidentning 12-avgustda qabul qilingan farmoni bilan, 1-sentabrdan fuqarolarning pensiya va nafaqalari miqdorlari 15%ga oshirildi. Fuqarolarga to‘lanadigan boshqa pensiya va nafaqalar miqdori bilan bu yerda tanishish mumkin.
Avvalroq O‘zbekistonda pensiya tizimini isloh qilish konsepsiyasi ishlab chiqilishi haqida xabar berilgandi. Bu bo‘yicha iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov boshchilidagi ishchi guruh tuzildi.