Samarqand viloyatida elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan mayning ferma aniqlandi. Bu haqda “O‘zenergoinspeksiya” matbuot xizmati xabar berdi.
Inspeksiyaning viloyat hududiy boshqarmasi va viloyat ichki ishlar boshqarmasi bilan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Toyloq tumani, “Chorog‘bon” MFYda qonun buzilishi holati ma’lum bo‘ldi. Mazkur mahalla fuqarosi E.S. 55ta to‘plamdagi mayning qurilmasini elektr tarmog‘iga to‘g‘ridan to‘g‘ri ulab, noqonuniy foydalanib kelgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, noqonuniy foydalanilgan elektr energiyasi qiymati 5,528 mlrd so‘mni tashkil etadi. Holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.
Joriy yilning birinchi yarmida kripto-aktiv va mayning faoliyati bo‘yicha 75ta holatda elektr eneriyasidan noqonuniy foydalanilgani aniqlangandi. Jami 81,6 mlrd so‘m (15,9 mln kilovatt-soat) qayta hisob-kitob qilingan.
Aprel oyida Sirdaryo viloyatida yil boshidan buyon eng yirik mayning ferma topildi. U kriptovalyutani qazib olish uchun mo‘ljallangan 107ta qurilmadan iborat bo‘lib, ikki yil davomida 34,3 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan foydalanilgan.
Iyul oyi boshida prezident huzurida o‘tkazilgan yig‘ilishda 15 mingta holatda tabiiy gaz va 28 mingta holatda elektrdan o‘g‘irlik aniqlangani ma’lum qilindi. Bunga tizimda noqonuniy ulanishlarning oldini olish emas, oqibati bilan kurashilayotgani sabab bo‘lmoqda.
Avvalroq Andijonda 612 mln so‘mlik elektr energiyasi talon-toroj qilingani haqida xabar berilgandi. Xususan, fuqarolar suv nasoslarini tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulab olgani aniqlandi.