Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Toshkent City” xalqaro ishbilarmonlik markazi hududidagi uchta bank biznes markazlarini sotish jarayoni bo‘yicha ma’lumot berdi.
Xususan, “Asakabank”, “O‘zsanoatqurilishbank” va “Aloqabank"ga tegishli binolarni xususiylashtirishga “KPMG” xalqaro kompaniyasi konsultant hamda “Deloitte” xalqaro kompaniyasi mustaqil baholovchi sifatida jalb etilgan.
Aktivlarni sotib olish bo‘yicha Yevropa Ittifoqi, BAA va Turkiya davlatlaridan 4 nafar talabgor qiziqish bildirdi. Arizalar belgilangan mezonlar, jumladan, moliyaviy resurslarning yetarliligi, ustav kapitalida davlat ulushi bo‘lgan kompaniya bo‘lmasligi hamda AQSh, Yevropa Ittifoqi va xalqaro moliya institutlarining sanksiyalar ro‘yxatida ariza beruvchilarning mavjud emasligi kabilar asosida o‘rganildi.
Konsultant yuqoridagi talablarga muvofiq kelgani uchun 4 nafar talabgorni ham keyingi bosqichga o‘tkazishga tavsiya qilgan. Shu bilan birga, raqobat muhitini oshirish maqsadida ko‘proq salohiyatli investorlarni savdo jarayonlariga jalb qilish ishlari davom ettiriladi.
Barcha talabgorlarga individual ravishda xabarnoma yuboriladi, 4 nafar talabgorga esa jarayon xati orqali navbatdagi bosqich to‘g‘risida ma’lumot beriladi. Axborotni oshkor etmaslik to‘g‘risidagi bitimni (NDA) imzolagandan so‘ng, ular aktiv haqidagi batafsil ma’lumotlarga kirish, biznes markazlarini joyiga chiqqan holda o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Aktivni sotib olish narxi bo‘yicha majburiyatga ega bo‘lgan takliflar joriy yilning 25-noyabr kuni soat 23:59gacha jo‘natilishi kerak.
Batafsil ma’lumot uchun SSandykbayeva@kpmg.com (+99 890 099 21 20) hamda sh.ohunov@davaktiv.uz (+99 871 259 20 23) elektron manzillari orqali murojaat qilish mumkin.
Binolar quyidagi asosiy xususiyatlarga ega:
- “Aloqabank”: 26 qavat, umumiy maydoni — 81 439 kv.m.;
- “Asakabank”: 26 qavat, umumiy maydoni — 66 202 kv.m.;
- “O‘zsanoatqurilishbank”: 33 qavat, umumiy maydoni — 82 284 kv.m.
Davaktiv agentligi Avvalroq “Toshkent City” biznes markazi hududidagi mazkur binolar sotuvga chiqarilishini joriy yilning may oyida ma’lum qilgandi.
Avvalroq “Humo” to‘lov tizimini sotib olishda 6 nafar talabgor raqobatlashishi haqida xabar berilgandi. Aktivni xususiylashtirishga 8 nafar investor, jumladan, xorijiy kompaniyalar qiziqish bildirgan.