Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda aholi chiqindi pulini to‘lamagani uchun elektr energiyasini o‘chirib qo‘yishni boshlangani haqida xabarlar tarqalgandi. “Hududiy elektr tarmoqlari” kompaniyasi mazkur xabar yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
Yil boshida qabul qilingan prezidentning chiqindilarni boshqarish tizimini yaxshilashga qaratilgan farmonida chiqindi xizmatlari uchun oylik to‘lovlardan qarzdorligi bo‘lgan abonentlar SMS orqali xabardor qilib borish belgilangandi.
Bunda, joriy yilning 1-iyunidan Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida (6 oylik qarzdorlik uchun), 1-noyabrdan mamlakatning barcha hududlarida (3 oylik qarzdorlik uchun) hamda 2025-yildan barcha hududlarda bir oylik qarzdorlik uchun ogohlantirishdan keyin to‘lov qilmaganlarning elektr uchun to‘lovlarini qabul qilishni vaqtinchalik cheklash nazarda tutilgan.
Mazkur farmon ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning oktabr oyidan boshlab “Hududiy elektr tarmoqlari"ning 2100 qisqa raqami orqali ogohlantirish xabarlarini yuborish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Kompaniyaning qayd etishicha, hozirda chiqindi bo‘yicha ogohlantirish xabari yuborilgandan so‘ng, qarzdorlikni bartaraf etmagan iste’molchilarga elektr uchun to‘lovlarda cheklovlar kiritish bo‘yicha texnik ishlar olib borilmoqda.
“Hududiy elektr tarmoqlari” bu jarayonda Ekologiya vazirligi taqdim etgan ma’lumotlar asosida iste’molchilarga xabar yuborilishini ma’lum qildi.
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilardan biri, chiqindidan qarzdorligi bo‘lmasa ham to‘lovlar cheklanishi haqida ogohlantirish xabari kelganini yozgan. Kompaniya iste’molchilar bu kabi xabarnomalar bo‘yicha shikoyatlarini chiqindi yig‘ish va tashish xizmatlariga jo‘natishlarini so‘ragan.
Shuningdek, HETning “Gazeta.uz"ga aniqlik kiritishicha, kompaniya hozircha bildirishnoma yubormoqda, lekin elektr energiyasi uchun to‘lov imkoniyatini cheklamagan.
Bunga sabab, elektr energiyasi, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunlarga, shuningdek, “Hududiy elektr tarmoqlari” va iste’molchilar o‘rtasidagi shartnomalar shartlariga o‘zgartirishlar kiritish talab etiladi.
Toshkent shahrida fuqarolar uchun qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqish narxi oyiga 4500 so‘mdan 7500 so‘mga, budjet va xo‘jalik tashkilotlariga bir kubometr uchun 53 986,56 so‘mdan 89 977,57 so‘mga oshirilgandi. Shu bilan birga, Toshkent, Samarqand, Farg‘ona va Andijon viloyatlari uchun ham yagona to‘lov tariflari belgilangan.
Undan keyin Buxoro, Namangan viloyatlarida ham mazkur xizmatlar uchun yangi narxlar belgilandi. Joriy yilning aprelida Qoraqalpog‘iston, Jizzax, Sirdaryo hamda Surxondaryoda, shuningdek, Qarshi shahrida aholi va yuridik shaxslar uchun chiqindilarni olib chiqish xizmatlariga yangi narxlar joriy etildi.